Oliy ta’lim olish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun yana bir qator yengilliklar berilmoqda, deya xabar berdi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.

2023-yilgi test imtihonlari natijalariga ko‘ra, o‘qishga kira olmagan abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan birida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida (super kontrakt) o‘qish imkoniyati berilmoqda.

Shuningdek, agar abituriyent ro‘yxatdan o‘tishda 1-tanlangan OTMga kira olmagan, biroq 2-, 3-, 4- yoki 5-bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan biriga talabalikka tavsiya etilgan bo‘lsa, birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida super kontrakt asosida o‘qishi mumkin. Bunda abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballari asos sifatida qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, minimal o‘tish balidan (56,7 balldan) kam ball to‘plagan abituriyentlarga ham birinchi o‘quv yilida super kontrakt miqdorining 2 barobariga teng to‘lovni amalga oshirish sharti bilan o‘qishga kirish huquqi berilgan.