O‘zgidromet markazi 11-sentabr kuni O‘zbekistonning bir qator hududlarida kuzatilgan kuchli shamollar, chang-to‘zon va chang-g‘ubor yuzasidan rasmiy axborot e’lon qildi. Bu haqda markaz matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Kavkaz xududida hafta davomida shakllangan salqin va nisbatan nam havo oqimlari Kaspiy dengiz orqali respublikaning shimoliy-g‘arbiy hududlariga, 11-sentabrda O‘zbekistonning boshqa hududlariga kirib keldi.

“G‘arbiy oqim fronti mamlakatning ko‘pchilik hududlarida ba’zi joylarda shamol tezligi 13−17 m/s gacha, janubda va cho‘l hududlarda 20 m/s kuchayishiga olib keldi. Xorazm, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida shamol chang-to‘zon bilan qayd etildi, ko‘rinuvchanlik 500−2000 metrgacha yomonlashdi”, — deyiladi xabarda.

Kunning ikkinchi yarmida frontal bulutli chiziq Toshkentning g‘arbiy tumanlariga yaqinlashdi. Soat 15:05 dan 16:00 gacha Toshkentda shamol tezligi 10−12 m/s gacha kuchayishi kuzatildi. Shamol yerning qurigan yuzasidan chang zarralarini ko‘tardi, bu esa havoning hiralashishiga va ko‘rinuvchanlik 1400 metrgacha yomonlashishiga sabab bo‘ldi.

Toshkentda atmosfera havosidagi PM10-mayda zarrachalarining miqdori 1322 mkg/m3 ni tashkil etdi, bu ruxsat etilgan qiymatdan 2,4 marta ko‘p; PM2,5 219 mkg/m3-mayda zarrachalarining miqdori BSST talablaridan 43 marta ko‘p bo‘ldi.

Toshkentda chang-g‘ubor 11-sentabr kuni va kechasi davomida saqlanib turadi.