O‘zbekiston va Koreya Respublikasi qo‘shma gaz loyihasi doirasida O‘zbekiston tomonining qarzini to‘lash masalasini hal qildi. Bu haqda Janubiy Koreya Iqtisodiyot va moliya vazirligi saytida xabar berildi.

Kelishuvga Janubiy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chu Kyung Xoning 7-sentabr kuni Toshkentga tashrifi doirasida erishilgan. U Toshkentga tashrifi davomida dastlab bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi, so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.

moef.go.kr.moef.go.kr.

Janubiy Koreya va O‘zbekiston 2008-yilda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi loyihasini amalga oshirishni boshlagan va “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasini tashkil etib, 2016-yilda gaz qazib olishni boshlagan.

“O‘ztransgaz” kompaniyasining (chet el kompaniyalaridan gazni eksport narxlarida sotib olib, ichki bozorga arzonlashtirilgan narxlarda sotuvchi) ishlab chiqarilgan gaz uchun Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasi oldida 1 milliard dollar qarzi yig‘ilib qolgan. Valyuta bozori liberallashtirilib, so‘mning dollarga nisbatan rasmiy kursi 2 barobarga qadrsizlangan 2017-yildan buyon valyuta taqchilligi katta bo‘lishidan xavotirlar tufayli to‘lovlar amalga oshirilmagan.

Olti yil davomida tomonlar debitorlik qarzlarini to‘lash rejasi bo‘yicha kelishib olishgan, biroq loyiha operatorlari va kreditorlar o‘rtasidagi kelishuv tufayli reja tafsilotlari oshkor etilmagan.

2008-yilning fevral oyida “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi va “Kor-Uz Gas Chemical Investment” konsorsiumi tomonidan Qoraqalpog‘istondagi Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasini qurish uchun paritet asosda “Uz-Kor Gas Chemical” QK tashkil etildi. Koreya kompaniyalari konsorsiumiga hozir Koreyaning Kogas gaz korporatsiyasi, kimyoviy Lotte Chemical va GSE&R kiradi.

Qurilishi 2012-yilda boshlangan gaz-kimyo majmuasida har yili 4,5 milliard kub metr tabiiy gaz qayta ishlanib, 4 milliard kub metrgacha tovar gazi, 400 ming tonna turli zichlikdagi polietilen, 100 ming tonna polipropilen va 100 ming tonnaga yaqin piroliz benzini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan edi. Loyihaning bosh pudratchilari Koreyaning Samsung Engineering, GS Engineering va Hyundai Engineering kompaniyalari edi.

Umumiy qiymati 4,16 milliard dollar bo‘lgan loyiha xorijiy moliya institutlari konsorsiumining 2,5 milliard dollar miqdoridagi kreditlari, “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi ta’sischilarining o‘z mablag‘lari (1,41 milliard dollar), shuningdek, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ajratgan krediti (100 million dollar) hisobidan amalga oshirildi.

Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasi ishlayotgan konlardagi gaz zaxiralari 109,6 mlrd kub metrga baholangan (“O‘zbekneftgaz” va Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyalaridan keyin uchinchi o‘rinda).