Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — “Madaniyat va ma’rifat” telekanali bosh muharriri Safarali Qurbonov.

Mutolaa haqida

Mutolaa odamga o‘z salohiyatini oxirigacha ochish imkonini beradi. Mutolaasiz zamonni, uning holatini his qilib bo‘lmaydi. Har qanday paytda, har qanday davrada o‘z so‘zimizni ayta olishimiz uchun ham mutolaa kerak.

Mutolaani toza havoga o‘xshataman. Jismingizga, rivojlanishingiz, tezroq va yangi kuch olishingiz uchun toza havo qanchalik zarur bo‘lsa, mutolaaning zarurati ham shunchalik. Afsuski, qaysidir amaldorlar kasri bilan bugun, masalan, Toshkentda toza havo qolmadi, shahardagi nobop havoga ham o‘rganyapmiz. Shu kabi, ba’zi bir qo‘shtirnoq ichidagi “odamlar” sharofati bilan mutolaasiz — “toza havo"siz yashashga ham o‘rgandik.

Tan olishim kerak, u darajada faol kitobxon emasman. Lekin mutolaa qilayotgan kitobimni asosan bosma kitob shaklida o‘qishni yaxshi ko‘raman. Kitobni muhim deb hisoblagan joylarimga belgi qo‘yib, o‘zimga yoqqan joylarini yozib olib, tushunmagan joylarimga so‘roq-savollar qo‘yib, yozib-chizib-belgilab o‘qishni yaxshi ko‘raman. Lekin hozir elektron kitoblarga ko‘proq murojaat qilishga to‘g‘ri kelyapti baribir. Audio shaklda esa asosan kichik hikoyalarni eshitib, “mutolaa qilaman”.

Kitobxonlik darajasi pasayib ketdi deb turgan paytimizda kitob o‘qimaslikka sharoit bo‘lmasligi kerak. Kitobni qidirgan odam uning “bosma shakli yo‘q”, “yangi nashri yo‘q”, “lotin yozuvida yo‘q”, “audiosi yo‘q”, “videosi yo‘q”, xullas, uni o‘qimaslik uchun biror bahona qila olmasligi kerak. Kitob nashrini ham arzonlashtirish, bu sohadagi soliqlarni bir qayta ko‘rib chiqish kerak — ba’zilar “kitob qimmat” degan bahona bilan kitob o‘qimayapti, shunday bahonaga ham o‘rin qolidirlmasligi kerak.

So‘nggi yillarda o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Semyuel Bekket. “Godoni kutish”

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, safarali qurbonov, tavsiya

Bu asarni talabalik yillarim majburiyat yuzasidan o‘qigandim. Ammo yaqinda, Ejen Ienosko ijodi bilan tanishgach, u bilan zamondosh Bekketning mazkur pesasini qayta o‘qishga ehtiyoj tug‘ildi va bu so‘nggi vaqtlarda mazza qilib o‘qigan asarlarimdan biri bo‘ldi.

Asarda ikki qahramon bir qarashda bir-biriga mos kelmaydigan, turli gaplarni gaplashib o‘tirgandek. Aslida esa ularning har gapida Qobil va Xobil voqeasidan tortib insoniyatning to bugungacha bo‘lgan og‘riqlari, azoblari, e’tiqodsizligi orqasidan chekkan iztiroblari — hamma-hammasi qamrab olingan.

Pesada alohida e’tiborga molik jihatlar ko‘p, xususan, qullikka ko‘ngan, fikr bildirishni, mustaqil yashashni, isyon qilishni xohlamaydigan, o‘zining hozirgi holatini o‘zgartirishni istamaydigan odam obrazida ayrim ziyolilarimizni ham ko‘rish mumkin. Umuman, bu asar, undagi obrazlar, timsollar tahlillari haqida alohida kitoblar yozsa arziydi.

O‘ylab o‘qiladigan asar. Kerak bo‘lsa, muallifning kutubxonasi bilan biroz tanishishga majbur qiladigan asar. Bugun uchun ham, erta uchun ham xizmat qilaveradi, istalgan payt nimadir olish mumkin.

Oskar Uayld. “Dorian Greyning portreti”

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, safarali qurbonov, tavsiya

“Godoni kutish"dan farqli o‘laroq, bu asarda voqealar, syujet chizig‘i bor, kitobxonni o‘z ortidan nisbatan oson ergashtira oladi, bemalol o‘qish mumkin.

Asar jisman mukammal, qalban ham yomon bo‘lmagan, har bir aytgan gapi ro‘yobga chiqadigan yigit — bir so‘z bilan aytganda, o‘z davrining oldi odami nafsining va jamiyatning yo‘rig‘iga yurib, qay ahvolga tushishi, naqadar tubanlashishi mumkinligi haqida.

Portret — asardagi asosiy detallardan biri. Asarda odamni tubanlashib borishini ko‘rsatuvchi voqealar ko‘p. Muallif aytmoqchiki, sening har bir qilgan noto‘g‘ri ishing, gunohlaring, xatolaring shunchaki izsiz ketmaydi, yaxshimi, yomonmi, har bir ishing uchun javob berasan, shunday ekan, portreting asliday qolishini xohlasang, to‘g‘ri bo‘l. Sotib olish.

Fyodor Dostoyevskiy. “Aka-uka Karamazovlar”

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, safarali qurbonov, tavsiya

Fyodor Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” asari o‘zbek tilida yaqinda nashrdan chiqdi. Aksariyat ijodkorlar butun hayoti davomida yiqqanlarini oxirida bir asarga jamlaydi. Dostoyevskiyning ham jamiki xulosalari aynan “Aka-uka Karamazovlar"da.

Dostoyevskiyning (o‘zbek tiliga o‘girilgan) qolgan asarlari bilan imkon qadar tanishishga harakat qilgan inson sifatida aytadigan bo‘lsam, “Aka-uka Karamazovlar” — butunlay boshqa asar. Bu yerda inson va hayot, e’tiqod va e’tiqodsizlik, ota va farzand munosabatlariga keng o‘rin berilgan, har bir gap, har bir obrazning hoalti juda bir katta psixolog, juda bir katta faylasufning gapidek.

Kitob Dostoyevskiyning boshqa katta asarlarini ham o‘zbek tiliga o‘girgan, Dostoyevskiyning kuchi, qudratini his qilgan atoqli tarjimonimiz Ibrohim G‘afurov tomonidan tarjima qilingan. Shu bois tarjima juda yaxshi chiqqan. Sotib olish.

Yoshlarga tavsiyalar

“Alpomish”

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, safarali qurbonov, tavsiya

Biz doston eshitib katta bo‘lganmiz. Shuning uchun birinchi va ko‘p o‘qiganimiz — “Alpomish”. Uni filmlari yoki multfilmlariga qarab, ba’zilar o‘xshamagan fantastika deb o‘ylaydi. Aslida esa uni milliy qomusimiz deyish mumkin.

Unda davlatchilik, davlat qanday bo‘lishi kerak, millat o‘zini qanday saqlab qoladi, millatni kimlar, qanday parchalaydi, kimlar millatning yuzini yerga qaratadi (“yortiboylar” kim?), urf-odatlar, ayollar bilan bog‘liq jihatlardan to farzand tarbiyasigacha bo‘lgan hamma masalalar bor.

Masalan, hozir ko‘p gapirilayotgan gender tengligi ham bor “Alpomish"da. Faqat o‘qish kerak. Sotib olish.

Zahiriddin Muhammad Bobur. “Boburnoma”

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, safarali qurbonov, tavsiya

“Boburnoma” — o‘qishimiz kerak bo‘lgan asarlardan biri. U shu qadar realistik asarki, ba’zi bir mahmadona yoshlarimiz shuni o‘qimagani ham yaxshilikka bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qolaman.

Bobur Hirotga borganida sharobxo‘rlik bilan bog‘liq bir holatni aytadi: “Bu yerdagi shahzodalar bazmu jamshidga shunchalik mukkasidan ketgan ediki, ba’zilari sajdaga bosh qo‘yib, boshini ko‘tara olmay, uxlab qolardi”. Yoki: “Hazrat ulardan hech bo‘lmasa peshingacha ichmay turishlarini so‘rardi”. Shu bilan birga u yangi taxtga o‘tirgan vaqtida o‘zi ham sharobxo‘r bo‘lib qolganini tan oladi.

Xullas, o‘zining shu va boshqa kamchiliklari haqida ham keskin yozadi. Shu bilan birga, e’tiqod masalasida, g‘ururni saqlash borasida zo‘r jihatlari ham bor. Sotib olish.

Erix Mariya Remark. “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, safarali qurbonov, tavsiya

Bugungi yoshlar uchun ham, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘ryapmizki, yoshi kattalar uchun ham kerak bo‘lgan bir asar. Bizning urushlarga bo‘lgan munosabatimizni, bugungi bosqinchiliklarga bo‘lgan munosabatimizni aniqlashtirish uchun kerak bo‘lgan asar.

Asarda juda pafosli jihatlar yo‘q; u millatning azoblari, urushga borgan odamning iztiroblari — hammasini juda chiroyli tarzda yetkazadi. Urushda sizu bizdek inson qurbon bo‘layotganini his qilishga imkon beradi. Urushlarni qo‘llab-quvvatlamaslikni, vatanparvarlik va bilan shovinizmni farqlay bilish uchun, urushda bir tomon g‘olib, bir tomon mag‘lub emas, ikkala tomon ham mag‘lub ekanini tushunish uchun shu va shu kabi boshqa asarlarni o‘qish kerak. Sotib olish.

Mixail Bulgakov. “Usta va Margarita”

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, safarali qurbonov, tavsiya

E’tiqodsiz va e’tiqodsizlik targ‘ib qilinayotgan jamiyatning fojialarini shu jamiyat ichida turib fosh qilish — juda katta qahramonlik. Mixail Bulgakov shunday qahramonlik qila olgan.

Asarda e’tiqodsizlik insonni nimalarga olib borishi, e’tiqodsiz inson qanday tanazzulga borishi, e’tiqodsiz yo Xudosiz jamiyat qanday holatga tushishi, nafsning ortidan qay darajaga yetishi, insonni g‘oyaviy jihatdan ushlab turadigan bir kuch baribir kerakligi, e’tiqodsiz jamiyatning oxiri yo‘q ekanligini dahshatli tarzda ko‘rsatib berilgan.

Asardagi qiyos ham — 2000-yil avvalgi va hozirgi holat — juda zo‘r. O‘zimizcha insoniyat juda taraqqiy etdi, deymiz. Lekin “Usta va Margarita"da insonning e’tiqodga, erkinlikka, umuman insonlikka bo‘lgan munosabati 2000-yilda qanchalik o‘zgardi degan savol o‘rtaga shunday qo‘yiladi hamda juda go‘zal va ayni vaqtda juda shafqatsiz javob beriladi — shakl jihatdan nimadir o‘zgargandir, lekin mohiyat hali o‘sha-o‘sha. Sotib olish.

Gabriel Garsia Markes. “Buzrukning kuzi”

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, safarali qurbonov, tavsiya

Markesning ushbu romani ham juda muhim asar. Bu yerda Lotin Amerikasida 100 yil hukmronlik qilgan diktatorning hayoti misol qilib olinadi. Uning prototipi aniq bir diktator emas; muallif diktatorlarning hammasi biri-biriga o‘xshaydi, deydi — romandagi diktatorning ham bir tomoniga qarasangiz, Gitlerni ham ko‘rasiz, boshqa bir tomoniga qarasangiz, Stalinni ham ko‘raverasiz, o‘sha davrda Lotin Amerikasidagi davlatlarda hukmronlik qilgan prezidentlarini ham ko‘rinaveradi.

Asarda bir qiziq detal bor: diktatorning 5 mingga yaqin farzandi bor va ularning deyarli bari nosog‘lom. Muallif bu timsol bilan aytmoqchiki, diktatura bor joyda sog‘lom fikrli inson, har tomonlama sog‘lom bo‘lgan odam tug‘ilmaydi.

Yozuvchi aytadiki, diktatorning ko‘proq yashashini uning malaylari ko‘proq xohlaydi va diktaturani saqlashga ham aynan ular harakat qiladi; malaylar diktatorning soyasidan ham diktator yasab, undan foydalanadi; diktatorning o‘zi ham, kerak bo‘lsa, hokimiyatning qo‘g‘irchog‘iga aylanib qoladi; diktatura nafaqat millatga, balki diktatorning o‘ziga ham ulkan fojia olib keladi.

Gabriel Garsia Markes mana shularning barini go‘zal tarzda ko‘rsatib beradi. Sotib olish.