O‘zbekiston hukumati gaz tariflari oshirilganidan keyin avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida narxlarning keskin oshishini cheklash choralarini ko‘rmoqchi. Bu Vazirlar Mahkamasining yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Hujjatda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi va “O‘zneftgaz” inspeksiyasiga o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunalarining Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga to‘liq ulanganligini va onlayn rejimda ma’lumotlar uzatilayotganligini qat’iy nazorat qilish vazifasini yuklash taklif etilgan.

Shuningdek, ular noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlarini yanada kuchaytirishlari kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, guruhga kelgusi olti oyda gaz to‘ldirish shoxobchalarida tabiiy gazning maksimal chakana narxi 1 kubometr uchun 3250 so‘mdan oshmasligini ta’minlash yuzasidan qat’iy choralar ko‘rish topshirilishi mumkin.

Tizimga hisobga olish priborlari ulanmagan va ma’lumotlarni onlayn tarzda uzatmayotgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari cheklangan chakana narxlarning asossiz oshib ketishiga, yoqilg‘i-energetika resurslarining noqonuniy iste’mol qilinishiga, o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘ysa, gaz ta’minoti to‘xtatiladi.

Avval xabar berganimizdek, mazkur loyihada yuridik shaxslar uchun bir kubometr gaz narxini 660 so‘mdan 1500 so‘mga (2,3 baravar yoki +840 so‘m), elektr energiyasi narxini 450 so‘mdan 900 so‘mga (ikki baravar yoki +450 so‘m) oshirish taklif etilgan. Aholi uchun esa tariflar o‘zgarishsiz qoladi. Bugungi kunda AGTKSHda bir kubometr gazning o‘rtacha narxi 2800 so‘mni tashkil etadi.

Avgust oyida Toshkent va O‘zbekiston viloyatlari haydovchilari yana ko‘plab gaz quyish shoxobchalari yopilgani haqida xabar berishdi, buning natijasida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida uzun navbatlar paydo bo‘ldi. Energetika vazirligi yoqilg‘i quyish shoxobchalariga kelishilgan hajmda gaz yetkazib berilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, talabning o‘sganini tan oldi.

Energetika vazirligi, shuningdek, garchi u yerda cheklovlarni belgilash mezonlari ko‘rsatilmagan bo‘lsada, O‘zbekistondagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida kunlik limit hukumat tomonidan tasdiqlangan resurslar balansi va gaz taqsimoti doirasida joriy etilayotganini tushuntirdi.