Afrikaning Marokash davlatida 9-sentabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan zilzila oqibatida 1037 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 1200 kishi jarohatlandi, deb xabar berdi Al Jazeera mahalliy OAVga tayanib.

AQSh Geologiya xizmati zilzila magnitudasi 6,8 ballni tashkid etgani, epitsentri esa 18,5 km chuqurlikda bo‘lganini ma’lum qildi.

Marokash Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila 8−10 million kishi istiqomat qiladigan Atlas tog‘lari hududidagi oltita provinsiyada ro‘y bergan.

Zilzila sodir bo‘lgan hudud Marrakesh shahridan taxminan 70 km uzoqlikda joylashgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, shaharning YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy qismi eng ko‘p zarar ko‘rgan.

Zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda internet va elektr ta’minotida muammolar kuzatilmoqda.

Marokashdagi oxirgi kuchli zilzila 2004-yilda sodir bo‘lgan. Uning magnitudasi 6,5 ballni tashkil etgan, 600 ga yaqin odam halok bo‘lgandi.

Hamdardlik

Marokash hududida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev Marokash podshohi Muhammad VI`ga ta’ziya yo‘lladi.

Davlat rahbari vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi, deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bergan xabarda.