O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari buzilishi holatlarini aniqladi, deb xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qonunda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga faqat xususiy buyurtma qo‘riqxonalar hamda tabiiy pitomniklar tashkil etish uchun ijaraga berilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Ammo 2021−2022-yillarda bog‘ hududidan 39,8 ga yer maydonlari 57 nafar jismoniy va yuridik shaxsga ijara bitimi va shartnomalarga asosan dam olish maskani qurish uchun ajratib berilgan.

Oqibatda ijarachilar tomonidan 8015 metr kvadrat yer uchastkasidagi butalar va o‘simlik dunyosi nobud qilinib, noqonuniy ravishda qurilish ishlari amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun fuqarolarga 115,6 ga yer maydonlari noqonuniy berib yuborilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.