O‘zbekiston bo‘yicha 1,7 mingga yaqin mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilash vazifasi turibdi. Bu haqda 8-sentabr kuni bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning O‘zbekiston aholisiga e’lon qilgan murojaatnomasida aytilgan.

Murojaatnomada qayd etilishicha, 2023-yilning o‘tgan davrida 4 mingdan ziyod mahallalarda jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Lekin bu davrda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 45 foizdan ortig‘i bevosita mahallalarda sodir etilgani ta’kidlandi.

“Ayni paytda mamlakat bo‘yicha 1,7 mingga yaqin mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilash — kechiktirib bo‘lmaydigan vazifamizdir. Shu bois, har bir hududda mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, soliq inspektori va ijtimoiy xodimdan iborat bo‘lgan “mahalla yettiligi”ning faoliyat samaradorligini oshirish choralarini ko‘ramiz”, — deyilgan unda.

“Hozirgi vaqtda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar nisbatan ko‘proq sodir etilgan 716 ta mahallaga Bosh prokuratura va viloyat prokuraturalarining rahbar xodimlari biriktirilib, vaziyatni o‘nglash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Albatta, yil yakuniga qadar mahallalarda tinchlikni ta’minlash borasidagi barcha ishlar muvofiqlashtirib boriladi va kriminogen vaziyatni yaxshilashga erishiladi”, — deyiladi murojaatnomada.

Shuningdek, bosh prokuror so‘nggi uch yilda kiberjinoyatchilik qariyb 25 barobar oshgan, fuqarolarning katta miqdordagi pullari onlayn tarzda o‘g‘irlangan.