O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Uning murojaatini bosh vazir Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

oziq ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya, prezident murojaatи, самарқанд, шавкат мирзиёев

Foto: O‘zbekiston bosh vaziri matbuot xizmati.

Davlat rahbari o‘z murojaatini tadbir ishtirokchilarini konferensiyaning ochilishi bilan tabrikladi. Unda dunyoning 32 ta davlatidan 620 nafardan ziyod xorijiy mehmon hamda 30 dan ortiq xalqaro tashkilotdan vakillar ishtirok etmoqda.

“Sizlarga yaxshi ma’lumki, oziq-ovqat xavfsizligi, uni barqaror yetkazib berish, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash masalalari bugun ham o‘ta dolzarb bo‘lib qolmoqda. So‘nggi o‘n yillarda „yashil inqilob“ va innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi, tobora ko‘payib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashda sezilarli yutuqlarga erishildi. Afsuski, keyingi paytda koronavirus pandemiyasi, jahon siyosati va iqtisodiyotidagi inqirozlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida zanjirlarning uzilishi va narxlar oshishiga sabab bo‘ldi” — deyiladi murojaatda.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bundan ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar jabr ko‘rmoqda. Global iqlim o‘zgarishlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimiga investitsiya hajmi kamayishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu esa Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni xavf ostida qoldirmoqda.

oziq ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya, prezident murojaatи, самарқанд, шавкат мирзиёев

Foto: Jahongir Azimov.

“Zamonaviy texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi texnikasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi fermerlar uchun bir xilda ochiq va hamyonbop bo‘lishi kerak. Biz xalqaro moliya institutlarini ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining “yashil texnologiyalar”dan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga chaqiramiz” — dedi prezident.

“O‘zbekiston eng zarur mahsulotlar savdosi va transportirovkasida to‘liq erkinlik hamda oziq-ovqat yuklari harakatini tartibga soladigan qoidalarni soddalashtirish tarafdori. Savdo yo‘llari xavfsizligi va ochiqligini ta’minlash davlatlararo munosabatlarda o‘zgarmas tamoyil bo‘lib qolishi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, agrotarmoq mamlakat iqtisodiyotidagi yetakchi sektorlardan biri bo‘lib, mehnatga layoqatli aholining 27 foizi ushbu sohada mehnat qiladi. Mamlakatda qishloq xo‘jaligini yanada samarali va resurs tejaydigan sohaga aylantirish, qishloqda aholi hayot darajasini yaxshilash, xalqni arzon va barqaror narxlarda xavfsiz va vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, sog‘lom ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda.

oziq ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya, prezident murojaatи, самарқанд, шавкат мирзиёев

Foto: Jahongir Azimov.

“Bizning yurtimizdan yetishib chiqqan, G‘arbda „Avitsenna“ degan nom bilan shuhrat qozongan buyuk alloma Ibn Sino bobomiz o‘rta asrlardayoq „Kimki uzoq va sog‘lom hayot kechirishni istasa, avvalo, ovqatning sifati va miqdoriga e’tibor qaratsin“, deb ta’kidlaganlar. Albatta, dunyo aholisi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish — uzoq davom etadigan jarayon. Bu maqsadga erishishda barcha davlatlar hukumatlari, ishlab chiqaruvchilar, olimlar va tibbiyot xodimlari yaqin hamkorlikda ish olib borishlari lozim, deb hisoblaymiz”, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident konferensiya davomida ana shunday muhim masalalar haqida atroflicha fikr almashib, global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi tashabbus va amaliy takliflar ishlab chiqilishiga ishonishini ta’kidlagan.

“Mehmondo‘st O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz! Mamlakatimizga tashrifingiz mazmunli va samarali bo‘lsin!”, — deya yakunlandi murojaatini Shavkat Mirziyoyev.