Toshkent xalqaro aeroportida 8,5 tonna ko‘knori giyohvandlik moddasi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona komleksi “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida havo yo‘llari orqali respublikaga xorijdan olib kelinib, so‘ngra yuk avtotransport vositasi orqali tranzit tarzida olib o‘tilishi rejalashtirilgan 25 tonna og‘irlikdagi 1000 qop qandolat ko‘knorisi urug‘lari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Jarayon qo‘mita va DXX hamkorligida olib borilgan.

Ko‘rik davomida hujjatlarda qandolat ko‘knorisi deb ko‘rsatilgan 25 tonna urug‘ va somonlar tarkibida haqiqiy giyohvandlik vositasi hisoblangan 8,5 tonna ko‘knori somoni aniqlangan.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Odatda turli pishiriqlarga qo‘shiladigan yoki yuzasiga sepiladigan qandolat ko‘knorisi garchi o‘xshash bo‘lsa-da, an’anaviy ko‘knori giyohvandlik vositasidan tubdan farq qiladi. Ya’ni ushbu mahsulot ko‘knori oilasiga mansub o‘t o‘simliklarning maxsus tayyorlangan va qayta ishlangan urug‘lari hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, ko‘knori somoni mamlakat hududida muomalasi taqiqlangan giyohvandlik moddasi hisoblanadi.

Bitta holatda 8,5 tonna giyohvandlik vositasining fosh qilinishi O‘zbekiston bojxona xizmati organlarining so‘nggi 30 yillik tarixida ilk bor qayd etilmoqda, deyiladi xabarda.