O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida havo qatnovini amalga oshirishda aviakompaniyalar soni bo‘yicha cheklovlar bekor qilindi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Bu bo‘yicha 6-sentabr kuni Tel-Aviv shahrida o‘tgan O‘zbekiston va Isroil aviatsiya ma’muriyatlari uchrashuvida bayonnoma imzoladi. Unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Isroil davlati hukumati o‘rtasida tuzilgan havo transporti to‘g‘risida bitim” (Toshkent, 1994-yil 4-iyul, 1996-yildan kuchga kirgan)ga o‘zgartirish kiritildi.

Hujjatga Isroil transport va yo‘l harakati xavfsizligi vaziri Miri Regev va O‘zbekistonning Isroildagi favqulodda va muxtor elchisi Feruza Maxmudova imzo chekdi. Unda ikki davlat o‘rtasida havo qatnovini amalga oshirish uchun aviatashuvchilar soni va yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan cheklovlar olib tashlanishi nazarda tutilgan.

Avvallari yuqorida ko‘rsatilgan bitimga muvofiq, har ikkala ahdlashuvchi tomondan aviakorxona tayinlangan, o‘sha paytda O‘zbekiston tomonidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi shunday korxona bo‘lgan.

2022-yil mart oyida Uzbekistan Airways Isroilga yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi va parvozlar chastotasini haftasiga to‘rt martagacha oshirdi.

Endilikda boshqa tashuvchi kompaniyalarga ham parvozlarni amalga oshirishga ruxsat etilmoqda. Joriy yilning may oyidan boshlab “Qanot Sharq” xususiy aviakompaniyasi O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida — Samarqanddan Tel-Avivga aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani haqida e’lon qilingandi.

Hujjatning imzolanishi istiqbolli yo‘nalishlarni ochish va yangi aviakompaniyalarni jalb qilish hamda o‘zaro sayyohlik oqimini oshirishga yordam beradi, deyiladi “Dunyo” xabarida.