Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi AGTKSH 5 mlrd 542 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

“O‘zenergoinspeksiya”, “Hududgazta’minot” va Bosh prokuratura xodimlari o‘tkazgan nazorat tadbirlarida Oltiariq tumanida joylashgan “N.I.B” MCHJga qarashli 46-sonli “zapravka”da gaz sarfini o‘lchash kompleksiga o‘rnatilgan toraytiruvchi qurilmaning kirish-chiqish qismidagi gaz jo‘mraklariga davlatlararo standart talablari (GOST 8.586−2005)ga zid ravishda “prokladka” o‘rnatilganligi ma’lum bo‘ldi.

Noqonuniy holat oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 5 mlrd 542 mln so‘mni tashkil etgan. Ushbu hajmdagi tabiiy gaz 27 ming 700 ta xonadonning bir oylik iste’moliga teng.

Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.

Ma’lumot uchun, 2023-yilning sakkiz oy davomida O‘zbekistonda 390,18 mlrd so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 6305 ta holat aniqlangan. Eng ko‘p holatlar Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida qayd etilgan.