6-sentabr kuni Minsk shahrida O‘zbekiston va Belarus biznes doiralari va tadbirkor ayollarining birinchi biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Bu Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayevaning rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

“Tadbirkorlikdagi ayollar — Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish salohiyati” mavzusidagi yalpi majlisda Tanzila Narbayeva va Belarus Milliy majlisi respublika kengashi raisi Natalya Kochanova so‘zga chiqdi.

Forumda yengil sanoat, kiyim-kechak, poyabzal, mo‘yna va charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda IT sohasida aloqalarni rivojlantirish, xotin-qizlarni raqamli iqtisodiyotga jalb etish va bu boradagi savodxonligi va malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashish kerakligi ta’kidlandi.

беларусь, taнзила нарбаеva

Forum dasturi sanoat kooperatsiyasi, yengil sanoat, agrosanoat kompleksi, tibbiyot va farmatsevtika, fan va ta’lim, madaniyat va turizm kabi yo‘nalishlarda oltita mavzuli muhokamani o‘z ichiga oldi.

Forum so‘ngida yakuniy deklaratsiya qabul qilindi. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiya, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, ta’lim, gumanitar, turizm va o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari aks etdi.

Ikki mamlakat tadbirkor ayollari o‘rtasida B2B formatida o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida 92 mln dollardan ortiq miqdorda 42 ta shartnoma va 17 ta memorandum imzolandi, deyiladi xabarda.

Mazkur muloqot formatini davom ettirish va navbatdagi ayollar biznes forumini O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Forum doirasida O‘zbekiston va Belarusning oziq-ovqat, to‘qimachilik, tibbiyot, ta’lim va turizm sohalarida mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 40 ga yaqin mahalliy korxonalar mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

беларусь, taнзила нарбаеva

Minskda Tanzila Narbayeva Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, bosh vazir Roman Golovchenko, respublika kengashi raisi Natalya Kochanova, Vakillar palatasi raisi Vladimir Andreychenko va boshqa rasmiy shaxslar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

2022-yilda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 500 million dollardan oshdi. 2023-yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich 37 foizga o‘sib, 346 million dollarni tashkil etdi. Tomonlar bu hajmni 1 milliard dollarga yetkazish niyatida.