O‘zbekistonda kamida 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda laboratoriya tekshiruvidan umuman o‘tmagani ma’lum qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 6-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida ayblanuvchilardan biri, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKda ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlagan G. S. (ayol kishi) shu haqda so‘z ochdi.

“Laboratoriya sinovlari o‘tkazilmagan, ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi yoki men ataylab, yomon niyatda yoki o‘lim holatiga olib kelishini bilib turib, bu narsani qilmaganmiz. Amaliyot bo‘lgani uchun qisman aybimga iqrorman. Shu sabab ham mana shu yerda (qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan) to‘qqiz oydan beri o‘tiribman”, — deya sudlanuvchining so‘zlaridan Daryo.uz iqtibos keltirmoqda.

Sudlanuvchi markazda 12 yildan beri faoliyat yurgani, shu davr mobaynida biror marta ham ro‘yxatdan o‘tgan doriga laboratoriya sinovlari o‘tkazilganini eslay olmasligini aytdi.

Biz laboratoriya sinovlarini o‘tkazmaganmiz. Bizdagi amaliyotda bu holat umuman kuzatilmagan. Mana shu xatoyimizni hech kim bizga aytmagan. Ular bizga ekspertiza uchun berding, menga ham namuna taqdim et deyishlari mumkin ediku. Qo‘mita sinov bayonnomasi bo‘lishi uchun laboratoriyaga aytib, keyin bizga ham aytsa bo‘lar ediku. Bizda amaliyot shunaqa bo‘lgan. Adliya vazirligidan, agentlikdan tekshiruvlar kelib-ketgan. Hech qachon hech kim bu holatga e’tiroz qilmagan. Bu haqda tergov jarayonlari boshlangach, bildik, hamma shunda bildi”, — dedi ayblanuvchi ayol.