Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov iste’foga chiqishi munosabati bilan prezident Vladimir Zelenskiy tomonidan mudofaa vaziri lavozimiga Davlat mulklari jamg‘armasi rahbari Rustem Umerov nomzodining taklif etilishi jahon hamjamiyati va keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.

Prezident Zelenskiy o‘z videomurojaatida deputatlar Umerov nomzodini ma’qullashiga ishonch bildirar ekan (oxir-oqibat shunday bo‘ldi ham), “parlament bu shaxsni yaxshi biladi va janob Umerov qo‘shimcha tanishtiruvga muhtoj emas”, deya ta’kidladi. Mamlakat faollari, sobiq hukumat amaldorlari va davlat arboblari Zelenskiyning bu qarorini “mohirona qadam”, deb baholadi.

Urush qizg‘in pallaga kirgan, ayni paytda, mamlakat mudofaa vazirligi korrupsiya bilan bog‘liq keskin ayblovlar ostida qolgan og‘ir vaziyatda sobiq ishbilarmon, qrim-tatarlar huquqlari bo‘yicha aktivist, siyosatchi, eng asosiysi, “faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq mojarolar kuzatilmagan” Rustem Umerov mazkur lavozimga eng munosib nomzod deya ta’riflanayotgandi. Rustem Umerov iqtisod-moliya sohasidagi bilimlari va uzoq yillik tarjibasi, o‘z rahbarlik tamoyillari va mahoratini ishga solib, vazirlikda boshqaruv tizimini takomillashtirishi, shaffoflikni ta’minlashi va unga nisbatan jamiyat ishonchini qayta tiklashiga umid bildirilmoqda.

Mazkur qarorini ma’lum qilish asnosida Ukraina davlat rahbari endilikda vazirlik “yangi yondashuvlar hamda harbiylar va umuman jamiyat bilan o‘zaro muloqotning boshqa formatlari"ga muhtoj ekanligini ta’kidlagan. Shuningdek, prezident bosh ofisi rahbari Andrey Yermakning maslahatchisi Sergey Leshchenko “jamiyat orasida nozik mavzular yuzasidan muloqotni yaxshilash” va “ishonchni qayta tiklash” rahbariyatni o‘zgartirishni taqozo qilganini qayd etdi.

Leshchenko, shuningdek, Umerovning qrim-tatar millatiga mansubligiga ishora qilib, bu Ukrainaning Rossiyaga Qrim yarimoroli masalasida “murosaga o‘rin yo‘qligi” haqidagi “signali” ekanligini eslatib o‘tdi.

Qolaversa, Umerov xalqaro platformalarda Zelenskiyning “tinchlik formulasi"ning eng faol targ‘ibotchilaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

“Gazeta.uz” Ukrainaning bo‘lg‘usi mudofaa vaziri — etnik kelib chiqishi qrim-tatar millatiga mansub bo‘lgan, asli Samarqandning Bulung‘ur tumanida tavallud topgan — ukrainalik ishbilarmon va siyosatchi Rustem Umerov haqidagi eng e’tiborga molik ma’lumotlarni bir materialga jamladi.

Hayoti va biznesdagi faoliyati

Rustem Umerov — ajdodlarining vatani 2014-yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimoroli bo‘lgan sunniy musulmonlarning turkiy guruhi — qrim-tatar millatiga mansub.

Ikkinchi Jahon urushi davrida qrim-tatarlar natsistlar bilan hamkorlikda asossiz ayblangan va 200 mingga yaqin qrim-tatarlar hamjamiyati bir kechada uzoq o‘lkalarga surgun qilingan. Xususan, 1944-yilda Stalin buyrug‘i bilan Qrimdan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan 180 ming qrim-tatar orasida Umerovlar oilasi ham bor edi.

Rustem Umerov 1982-yilda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida Qrimning Alushta shahridan surgunga uchragan musulmon muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Otasi Enver Umerov — muhandis-texnolog, onasi Meryem Umerova — kimyoviy muhandis.

1980-yillarning oxiri — 1990-yillarning boshlarida amalga oshirilgan qrim-tatarlarning repatriatsiyasi paytida, Rustem oilasi bilan ota yurti — Qrimga qaytgan. Elita maktab-internatida tahsil ko‘rgan Rustem beshta til: ukrain, tatar, rus, turk va ingliz tillarida muloqot qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan poliglot bo‘lib yetishadi. Oliy ma’lumotni Ukrainada oladi. Ayni paytda ma’lumotiga ko‘ra Kiyev Milliy boshqaruv akademiyasining iqtisodiyot bo‘yicha bakalavr va moliya bo‘yicha magistr darajasiga ega.

Rustem Umerov 1998-yilda AQSh Davlat departamenti tomonidan yuritiluvchi “Kelajak yetakchilari almashinuvi dasturi” (Future Leaders Exchange Program) doirasida bir yil AQShda o‘qigan. O‘qishni tamomlaganidan so‘ng “Yevropa yoshlar parlamenti"ga (European Youth Parliament) qabul qilingan.

U o‘z faoliyatini 2004-yilda xususiy sektorda — Ukrainaning yetakchi uyali aloqa operatorlaridan biri Lifecell kompaniyasida boshlagan. 2004−2007-yillarda GSM/TDMA tarmog‘ini rivojlantirish departamentida saytni boshqarish va yuridik qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i, 2007−2010-yillarda xaridlar, logistika, shartnomalarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat olib borgan. 2010-yilda savdo va mijozlar bilan ishlash bo‘limiga rahbarlik qilgan. Xuddi shu yili u ISG Investments kompaniyasida boshqaruvchi direktor sifatida faoliyat boshlagan. 2011-yilda esa iCapital kompaniyasida xuddi shu lavozimni egallagan.

2013-yilda Rustem Umerov akasi Aslan O‘mer Qrimli bilan birgalikda ASTEM investitsiya kompaniyasi va kompaniya huzuridagi ASTEM jamg‘armasiga asos solgan. ASTEM — aloqa, axborot texnologiyalari va infratuzilma sohasi investitsiyalarini boshqaradi. ASTEM jamg‘armasi esa Stenford universitetining “Ukraina yangi liderlari dasturi"ni (Ukrainian Emerging Leaders Program) moliyalashtiradi.

Rustem Umerov — Qrim Ukraina tarkibida qolishi yo‘lida muntazam kurash olib borayotgan qrim-tatar elitasi yosh avlodi vakili. Ukrainada qrim-tatarlar huquqlari himoyasi bo‘yicha aktivist sifatida tanilgan Umerov 2007−2019-yillarda Qrim-tatarlari majlisi rahbari Mustafo Jemilevga maslahatchilik qilgan. 2012-yilda u “Qrim xalqaro biznes uyushmasi"ga hammuassislik qilgan va boshqaruv kengashidan joy olgan. 2021-yilda esa xalqaro formatda Qrim taqdirini muhokama qilish maqsadida tuzilgan „Qrim platformasi“ uyushmasiga hamrais sifatida saylangan. „Rossiya propagandistlari mamlakatimiz hududidagi harbiy harakatlarini oqlash uchun ukrain xalqini etnik guruhlarga bo‘lish haqidagi cho‘pchakni o‘ylab topishdi“, — degan edi Umerov Iordaniyaning AmmanNet axborot saytiga bergan intervyusida. — Biz (Ukrainada) millatimiz yoki dinimizga nisbatan hech qanday shovinizm yoki islomofobiyani his qilmaymiz”.

Shuningdek, u Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi doimiy delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari.

Turli sohalarda erishgan muvaffaqiyatlaridan kelib chiqib, Umerovga “yaxshi diplomat”, “turli kontekstlarga moslashishga qodir”, “muammolardan xoli odam” deb ta’rif berishadi. Rustem Umerov 2021-yilda Ukrainaning III darajali “Xizmatlari uchun” (“Za zaslugi”) ordeni bilan taqdirlangan. Uylangan, uch farzandning otasi.

Siyosiy maydondagi faoliyati

Rustem Umerovning siyosiy faoliyati 2019-yilda boshlangan.

2019−2022-yillarda u islohotchi muxolifat partiyasi — Holos (“Ovoz”)dan saylangan Ukraina xalq deputati sifatida faoliyat olib borgan. 2020-yilda Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi “Qrim va Sevastopolni deokkupatsiya qilish bo‘yicha davlat strategiyasi"ni ishlab chiqishga mas’ul etib tayinlangan ishchi guruhiga qo‘shilgan.

Rustem Umerovning 2022-yil fevrali — Ukrainaga Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyingi davrdagi faoliyati ham diqqatga sazovor. Xususan, 2022-yil iyul oyida u mamlakatda amal qilayotgan harbiy holat vaqtida xalqaro moddiy-texnik yordamni qabul qilib olish va ulardan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha Muvaqqat tergov komissiyasi raisi etib tayinlangan.

2022-yil 7-sentabrdan Rustem Umerov davlat aktivlarini xususiylashtirishga mas’ul agentlik — Davlat mulklari jamg‘armasiga rahbarlik qila boshladi. Umerovning ungacha korrupsiya bilan bog‘liq mojarolardan boshi chiqmay kelgan muassasani ushbu illatdan tozalash va saqlab qolish yo‘lidagi xizmatlari yuqori darajada e’tirof etiladi. U, shuningdek, davlat aktivlarini sotish ishlarini yangi bosqichga ko‘tardi va urush davrida davlat budjetiga rekord darajadagi daromad keltirdi. Xususan, ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilning birinchi yarmida Ukraina Davlat mulklari jamg‘armasi xususiylashtirishdan 1,82 mlrd grivna (49 mln dollar) daromad oldi — bu so‘nggi 10 yillikdagi rekord natija.

Rustem Umerovni yaqindan bilganlar uni iste’dodli muzokarachi sifatida ta’riflaydi. Urush boshlanganidan keyin Ukraina va Rossiya o‘rtasida o‘tkazilgan qator tinchlik muzokaralari va asirlar almashinuvi jarayonlarida Umerov faol ishtirok etib kelmoqda.

Xususan, 2022-yil fevralida u Rossiya bilan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi shartnoma loyihasini tayyorlash va ma’qullash bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan. 2022-yil martida Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralarida — Ukraina Rossiyaga tinchlik sulhida Qrim masalasini hal etish taklifini kiritgan vaqtda — Ukraina delegatsiyasi tarkibidan Umerov ham bor edi. Shuningdek, u Qora dengizdagi g‘alla kelishuvi va asirlar almashinuvi, jumladan, 2022-yilda Mariupol shahri uchun janglarda asirga olingan Ukrainaning Azov jangchilari bo‘yicha muzokaralarda ham ishtirok etdi. Umerov g‘alla bo‘yicha kelishuvga erishishda asosiy rol o‘ynagan muzokarachilardan biri sifatida: “Men safsata sotish uchun bu yerda emasman. Men mamlakatni saqlab qolishni istayman”, — degan edi Le Monde fransuz gazetasi bilan suhbatda.

2022-yil 3-martida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning uch ishtirokchisi, shu jumladan, Rustem Umerov zaharlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ayni paytda muzokaralarda norasmiy ishtirok etgan rossiyalik oligarx Roman Abramovich hamda ism-sharifi noma’lum bo‘lgan jarayonning boshqa bir ishtirokchisi ham zaharlangan.

Bellingcat loyihasi tergov guruhiga ko‘ra, o‘sha kecha muzokaraning zaharlanganlikda gumon qilingan ishtirokchilarida zaharlanishning dastlabki alomatlari (ko‘z va terining yallig‘lanishi, ko‘zda sanchiqli og‘riq) kuzatilgan. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, alomatlar katta ehtimol bilan noma’lum kimyoviy quroldan zaharlanish bilan bog‘liq bo‘lgan. Shunga qaramay, hayotga xavf tug‘diradigan darajada zarar yetkazish uchun yetarli bo‘lmagan dozadagi toksin — katta ehtimol bilan zarar yetkazish uchun emas, qo‘rqitib qo‘yish maqsadida — ishlatilgan.

Umerov o‘zining zaharlangani to‘g‘risidagi xabarlarni dastavval rad etgan, keyinroq tasdiqlagan. Mazkur hodisadan keyin Umerov muzokarachilar safini bir muddatga tark etgan.

Umerov may oyida Vladimir Zelenskiyning Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida delegatsiya a’zosi bo‘lgan. Shuningdek, mart oyida BAAga tashrif chog‘ida birinchi xonim Olena Zelenskaga hamrohlik qilgan.

Umerovni mas’uliyatli vazifa kutmoqda

Mamlakat Mudofaa vazirligi atrofida yuz bergan so‘nggi voqealar fonida vazirlik jamiyat ishonchini yo‘qotdi. Yil boshida Ukraina matbuoti vazirlik amaldorlari askarlar uchun xarid qilinadigan oziq-ovqat va kiyim-kechaklarining sun’iy oshirilgan narxlaridan manfaatdor ekanligini da’vo qilgan edi. Shu bilan bir qatorda, vazirlikka qo‘shinlarni safarbar qilish jarayoni bilan bog‘liq korrupsion xatti-harakatlar ayblovi ham qo‘yilgan. Xususan, bir qator shaxslar harbiy xizmatga chaqirilmaslik uchun ayrim mas’ullarga pora bergani, qolaversa, askarlarni xizmatga jalb qilish uchun haddan tashqari kuch ishlatish holatlari haqidagi xabarlar ortidan avgust oyi boshida Ukraina davlat rahbari Mudofaa vazirligi hududiy bo‘linmalari rahbarlarini ishdan bo‘shatdi.

Ta’kidlash joizki, sobiq mudofaa vaziri Oleksiy Reznikovning korrupsion harakatlarga shaxsan aloqadorligi haqida hech qanday taxminlar ilgari surilmagan va u vazirlikni tark etganidan so‘ng Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi lavozimini egallashi kutilmoqda. Shuningdek, ishdan olingan mansabdor shaxslarga nisbatan hech qanday da’vo ochilmagan.

Endilikda mudofaa vaziri sifatida Rustem Umerov zimmasiga vazirlikni korrupsion amaliyotlardan tozalash va unga nisbatan keng jamoatchilik ishonchini qayta tiklashdek mas’uliyatli vazifa yuklatiladi. Qolaversa, harbiy strategiya va jangovar harakatlar uchun Zelenskiy qo‘mondonligi ostidagi Ukraina armiyasi bosh shtabi mas’ul bo‘lishiga qarmay, qurol-yarog‘ ta’minoti va qo‘shinlarni safarbar qilishda mudofaa vazirligi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ukrainaning sobiq iqtisodiyot vaziri Timofiy Milovanovga ko‘ra, Umerov mudofaa sohasidagi davlat xaridlariga bo‘lgan ishonchni tiklash bilan bir qatorda yangi harbiy texnologiyalarni o‘zlashtirishni tezlashtirishi zarur. G‘arb ittifoqchilarini ko‘proq qurol yetkazib berishga undash Umerov faoliyatining asosiy qismi bo‘lib qolishi mumkin.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, musulmon siyosatchi Rustem Umerovning Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an, shuningdek, qator O‘rta Sharq davlatlari va G‘arb ittifoqchi davlatlari bilan yaqin aloqalarga egaligi aytiladi. Urush harakatlari vaqtida Ukrainaga musulmon davlatlaridan turli ko‘rinishdagi yordamlarning yetkazib berilishida Umerov asosiy figura bo‘lib xizmat qilgan.

Umerov Forbes nashriga bergan intervyusida Rossiya bilan urushda faqat Ukraina g‘alaba qozonishi mumkinligini ta’kidlagan edi: “Urushda g‘alaba qozonganimizdan so‘ng biz, ittifoqchilarimiz bilan birgalikda, Rossiya taqdirini hal qiladiganlar safida bo‘lamiz. Bu jarayonda Ukraina yetakchi rolga ega bo‘lishi kerak”.