O‘zbekistonda 2023-yil 1-dekabrgacha barcha ko‘p kvartirali uylardagi mavjud liftlar xatlovdan o‘tkazish va aniqlangan kamchiliklar bartaraf etish taklif etilmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasining “Sanoat elektrotexnika mahsulotlaridan foydalanishda aholi xavfsizligini ta’minlash hamda ushbu mahsulotlar ustidan sifat nazoratini kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.

Qaror bilan davlat standartlari va sifat talablariga mos kelmaydigan sanoat elektrotexnika mahsulotlarini import qilishni tartibga solish, aholining ko‘p kvartirali uylarda yashashi uchun qulay va xavfsiz shart-sharoitlar yaratish, liftlarning texnik holatini tubdan yaxshilash, avariya holatlarining oldini olish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsad qilingan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, 2023-yil 1-dekabrdan boshlab:

  • import qilinadigan lift, eskalator, travolator, sanoat havo sovitish tizimlari va sanoat isitish qozonlarini muvofiqlik sertifikatisiz “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirish taqiqlanadi;
  • ko‘p kvartirali uylar, shuningdek, lift o‘rnatilishi nazarda tutiladigan barcha obyektlardagi liftlarni foydalanishga qabul qilishdan oldin ularni majburiy tartibda dispetcherlik xizmatiga ulash talab etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish (rekonstruksiya) obyektlarini loyihalashtirishda ustuvor ravishda respublikada ishlab chiqariladigan lift, eskalator, travolator, sanoat havo sovitish tizimlari va sanoat isitish qozonlari qo‘llanilishi talab etiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil 1-yanvarga qadar respublikaning barcha hududlarida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari huzurida liftlarni monitoring qilish bo‘yicha dispetcherlik xizmatlari ko‘rsatilishini tashkil etsin va doimiy faoliyat yuritishini ta’minlaydi;
  • Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ko‘p kvartirali uylar, shuningdek, lift o‘rnatilishi nazarda tutiladigan barcha obyektlardagi liftlarni foydalanishga qabul qilishdan oldin ularni majburiy tartibda dispetcherlik xizmatiga ulash bo‘yicha talablar bajarilishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar barcha ko‘p kvartirali uylardagi mavjud liftlarni xatlovdan o‘tkazsin hamda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini ta’minlaydi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xatlov yakunlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 2023-yil 10-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan hisobot kiritadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda respublikadagi barcha toifadagi lift va eskalatorlarni har yili kamida bir marotaba majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, “O‘zbektelekom” AK bilan birgalikda binolarga o‘rnatilgan va kelgusida o‘rnatiladigan barcha lift uskunalarini monitoring qilish va zamonaviy dispetcherlik xizmatini ko‘rsatish uchun lift uskunalarining zarur kommunikatsiya tarmog‘i bilan jihozlanishini ta’minlanadi.

“O‘zbektelekom” AKga lift uskunalarini internet jahon axborot tarmog‘iga imtiyozli narxlarda ulashni tashkil etish tavsiya etiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi:

  • Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-yanvarga qadar lift uskunalarining texnik holatini monitoring qilish, avariya holatlarini real vaqt rejimida qayd etuvchi zamonaviy elektron dastur hamda ko‘p kvartirali uylarda ekspluatatsiya qilinayotgan liftlarning reyestri joriy etilishini ta’minlaydi;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarining malakasini sertifikatlashtirish tartibini joriy qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
  • Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda lift va eskalatorlarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning malakasi va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan maxsus o‘quv kurslarini tashkil etadi;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab lift, eskalator va trovalatorlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, professional ta’lim muassasalarida ushbu soha mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda lift va eskalatorlardan foydalanishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar sabablarini tahlil qilgan holda, kelgusida bunday holatlarning oldini olish choralarini ko‘radi.