Qozog‘iston mustaqil ravishda zirhli mashinalar, dron va o‘qotar qurollar ishlab chiqarishi kerak. Bu haqda mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 5-sentabr kuni Olmaota viloyatida o‘tkazilgan Batil toytaris-2023″ mashg‘ulotlarida ma’lum qildi.

“Yaqinda qilgan murojaatimda men mahalliylashtirish ulushi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish siklini yaratishni ustuvor vazifa sifatida qo‘ydim. Zirhli texnika, uchuvchisiz uchish apparatlari, zamonaviy o‘qotar qurollar — bularning barchasini biz o‘zimizda ishlab chiqarishimiz mumkin va kerak”, — dedi u.

Harbiy-sanoat majmuasi armiyaning “jangovar qobiliyati uchun ishonchli poydevor” bo‘lishi kerak, dedi Toqayev.

Qozog‘iston rahbari, shuningdek, bugungi kunda jahon mudofaa tizimida “keng ko‘lamli o‘zgarishlar ro‘y berayotgani” va “urushning gibrid turlari ko‘proq o‘tkazilayotganini” ta’kidladi.

“Hujumlar nafaqat harbiy, balki axborot, psixologik, siyosiy, iqtisodiy va boshqa ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Shuning uchun Qozog‘iston Qurolli kuchlari har qanday chaqiriqlarga tayyor turishi kerak. Bu zamonaviy professional armiyaga qo‘yiladigan asosiy talab”, — dedi Toqayev.

Qosim-Jomart Toqayev sentabr boshida xalqqa murojaatida Qozog‘iston hududida harbiy texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligi haqida ham gapirgandi. Uning ta’kidlashicha, Qozog‘iston qurol-yarog‘ importiga qaram, ammo mamlakatda moddiy-texnik baza va kadrlar mavjud. Sanoatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Mudofaa-sanoat kompleksini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.