Farg‘ona viloyatida bir necha kishi qalbaki aroqdan zaharlandi, bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

5-sentabr kuni zaharlanish alomatlari bilan Qo‘shtepa tumanida ikki kishi, Oltiariq tumanida besh kishi kasalxonaga yotqizilgan. Bir kishi vafot etgani aytilmoqda.

Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruv vaqtida Qo‘shtepa tumanida yashovchi A. D. va boshqalar o‘zaro kelishuv tuzib, uy sharoitida ishlab chiqarilgan aroqni sotish maqsadida ishlab chiqargani aniqlangan. Shishalarga “Aqtau” va “Qaratau” brendlari yorliqlarini yopishtirib, soxta mahsulotni bitta umumiy ovqatlanish shoxobchasi va bitta oilaviy korxonaga sotishgan.

Mazkur holat yuzasidan 6-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) va 186−1-moddalari (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi A.D. protsessual tartibda ushlangan. Tergov davom etmoqda, dedi Bosh prokuratura vakili.