O‘zbekistonda yil boshidan buyon belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bog‘liq 11 566 ta qoidabuzarlik qayd etildi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Eng ko‘p qoidabuzarlik Samarqand viloyati (1544), Toshkent shahri (1271) va Farg‘ona viloyatida (1212) aniqlangan bo‘lsa, eng kam qoidabuzarlik Xorazm viloyatida (332) qayd etilgan.

Boshqa hududlarda qoidabuzarliklar soni:

  • Sirdaryo viloyati — 718 ta;
  • Jizzax viloyati — 834 ta;
  • Buxoro viloyati — 507 ta;
  • Navoiy viloyati — 590 ta;
  • Andijon viloyati — 725 ta;
  • Namangan viloyati — 804 ta;
  • Surxondaryo viloyati — 983 ta;
  • Qashqadaryo viloyati — 444 ta;
  • Qoraqalpog‘iston — 546 ta.

Holatlar bo‘yicha jami 4,9 mlrd so‘m jarima belgilangan bo‘lsa, undan 2,5 mlrd so‘mi undirilgan. Qoidabuzarliklarning 602 tasi Toshkent shahri, Toshkent va Andijon viloyatlarida o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralari orqali qayd etilgan.

“Hozirgi kunda Namangan viloyatida, yil oxiriga qadar mamlakatning barcha hududlarida shunday kameralar o‘rnatish rejalashtirilgan”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

“Gazeta.uz” yaqin ikki yilda 29 ta qattiq maishiy chiqindilar poligonining meliorativ holatini yaxshilash va 26 ta qurilish chiqindilari poligonini tashkil etish uchun 1,1 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani haqida yozgandi.