Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan BMT Bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi mamlakat hukumati va ta’lim bilan u yoki bu tarzda bog‘liq bo‘lgan barcha tomonlarni “inklyuzivlik va sifatli ta’limga e’tibor qaratgan holda maktabgacha va maktab ta’limi masalalariga yana bir bor e’tibor qaratishga” chaqirmoqda.

Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng kambag‘al oilalarning yosh bolalari savodxonlik va hisoblash bo‘yicha asosiy ko‘nikmalarni egallashda 2,5 baravar ko‘proq orqada qoladi. Ayni paytda O‘zbekistonda ko‘plab bolalarning bilim egallash ko‘rsatkichlari kutilgan darajadan pastligicha qolmoqda. So‘nggi mustaqil tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining 30 foizi 4-sinf oxirida o‘z yoshi darajasidagi matnni o‘qiy olmaydi va tushuna olmaydi, deyiladi fond xabarida.

Shuningdek, tadqiqotlar 1−9-sinflarda nogironligi bo‘lgan va bo‘lmagan o‘quvchilar o‘rtasida o‘qish imkoniyati bo‘yicha farq 20 foizdan ko‘p ekanini ko‘rsatadi. Bu tafovut o‘rta maktab va kasb-hunar ta’limida ikki barobardan (46 foiz) ko‘proq (BMT ma’lumotlari, 2019).

2023-yilda YUNISEF O‘zbekiston hukumatini ta’lim sohasini isloh qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatladi. Ushbu hujjatning maqsadi hukumat, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar, o‘qituvchilar, ota-onalar, o‘quvchilar va maktab hamjamiyatlarini transformativ sifatli ta’limning belgilangan strategik maqsadlariga erishish uchun birlashtirish hisoblanadi.

“Yo‘l xaritasi” O‘zbekistonning BMT Bosh assambleyasining Ta’lim sohasidagi global o‘zgarishlar bo‘yicha 77-sammitida qabul qilgan majburiyatlariga muvofiq bo‘lib, unda “global jamoat manfaati sifatida ta’limga siyosiy va moliyaviy sadoqatni faollashtirish hamda 4-barqaror rivojlanish maqsadiga erishish yo‘lidagi taraqqiyotni jadallashtirish zarurati (Inklyuziv va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash va barcha uchun umr bo‘yi ta’lim olish imkoniyatini rag‘batlantirish)” qayd etilgan.

“Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ta’lim sohasidagi strategik islohotlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, yaqin uch yilda ta’limni rivojlantirish sohasiga 600 million AQSh dollari miqdoridagi sarmoyani jalb qilish majburiyatini olgan.

“O‘quv yilining boshlanishidan foydalanib, O‘zbekistonda inklyuzivlik va ta’lim sifati tamoyillariga rioya etilishini ta’minlash lozim. Bolalar maktabga qaytar ekanlar, ularga sifatli, inklyuziv va xavfsiz ta’lim berilishiga chin dildan umid qilaman. Maktablar mamlakatdagi har bir qiz va o‘g‘il bola uchun o‘z salohiyatini ochish imkoniyatini berishiga barchamiz intilishimiz kerak”, — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

“Har bir bola sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun YUNISEF inklyuziv ta’lim siyosatini faol qo‘llab-quvvatlaydi. YUNISEF uylarda, maktablarda va hamjamiyatlarda tenglik, xilma-xillik va inklyuzivlikni rag‘batlantirar ekan, ta’lim tizimi hamda tegishli ijtimoiy yordam ko‘rsatishni takomillashtirishga ko‘mak beradi. Ta’lim sohasini islohot qilish dasturida barcha bolalarning to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yanada xavfsiz, himoyalangan va inklyuziv ta’lim muhitini yaratish uchun dalillarga asoslangan qarorlar ustuvor bo‘lishi kerak”, — deya qayd etgan fond.

“Inklyuziv ta’lim o‘quv dasturiga emas, balki bolaga qaratilgan. Bunday yondashuv har bir bolaning, jumladan, nogironligi bo‘lgan va qo‘shimcha yordamga muhtoj bolalarning ehtiyojlariga javob beradigan pedagogikani qo‘llash orqali barcha bolalar uchun eng yaxshi ta’lim natijalarini ta’minlaydi”, — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ta’lim bo‘limi rahbari Alberto Biankoli.

“YUNISEF rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va hukumatni xalqaro konvensiyalardan kelib chiqqan holda o‘z majburiyatlarini bajarishga hamda barcha bolalar, jumladan, nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga ularning tengdoshlari kabi sifatli ta’lim olishdan teng foydalanishni hamda bir xil huquq va erkinliklarni kafolatlashga chaqiradi”, — deyiladi fond xabarida.