Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 4 tup manzarali daraxt qo‘porib tashlangani aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Holat yuzasidan korxona direktori E.F.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksining 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 2-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Daraxtlar qo‘porilishi oqibatida tabiatga 50 mln 325 ming so‘m zarar yetkazilgan. Fuqaroga qo‘shimcha jazo tariqasida kesilgan daraxtlar o‘rniga jami 400 tup daraxt ekish va uni parvarishlash majburiyati yuklangan.

Tegishli hujjatlar huquqbuzarga chora ko‘rish uchun sud organlariga yuborilgan.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida avtomobil yo‘lini kengaytirish maqsadida 67 tup daraxt noqonuniy kesilgandi. Tuman hokimligi mas’uli ularni kesishga ruxsat so‘ragan, ammo ekologiya bo‘limi bunga ruxsat bermagan. Bu harakat orqali o‘simlik dunyosiga salkam 300 mln so‘m zarar yetgan.