Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atining atoqli namoyandasi, ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Sherali Jo‘rayev o‘zining noyob iste’dodi, betakror ovozi va yuksak ijro mahorati bilan yuzlab yorqin qo‘shiqlar yaratib, xalq o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor topdi. Mumtoz va zamonaviy adabiyotning ko‘plab she’riy namunalarini kuyga solib, o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining “oltin fondi”ni boyitishga beqiyos hissa qo‘shdi, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, u jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. Xususan, milliy parlament deputati sifatida mustaqillikning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalq, avvalo, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida jonbozlik bilan faoliyat olib bordi.

Keyingi yillarda “Vatandoshlar” jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi vazifasida mehnat qilib, xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashda munosib xizmat qildi. Mohir san’atkor o‘zbek milliy qo‘shiqchiligida o‘z ijodiy maktabini yaratib, ko‘plab yosh iste’dod egalarini tarbiyaladi.

Sherali Jo‘rayevning milliy san’at va madaniyatni rivojlantirish borasidagi xizmatlari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofoti, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.

“Betakror san’atkor, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Sherali Jo‘rayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, — deyiladi xabarda.