“Yuksalish” umummilliy harakati qoshidagi “Shaharsozlik to‘lqini” tashabbusi O‘zbekistonning yosh arxitektorlari mustaqil uyushmasiga aylantirildi, deya xabar bermoqda harakat matbuot xizmati.

“Yuksalish” harakati qoshida mahalliy arxitektorlar va loyihalovchilarning norasmiy uyushmasi (sayt) 2021-yil aprel oyida tashkil etilgan.

Assotsiatsiya faoliyati O‘zbekistonda shaharsozlikni rivojlantirishga qiziquvchi yuridik shaxslar va ekspertlarni birlashtirish, ularning kasbiy manfaatlarini ifodalash, shaharsozlik sanoati kadrlarining salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.

Uyushma arxitekturaviy loyihalash bozorini o‘rganish, uning ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish va rivojlanishiga ko‘maklashish, arxitektura sohasi mutaxassislarining bandligini ta’minlash, professional muloqot tashkil qilish va tajriba almashishni maqsad qilgan.

“Shaharsozlik to‘lqini” o‘tgan davrda qator tadbirlar, jumladan, “Shaharsoz 2022” mukofoti, Toshkent shahridagi Al-Xorazmiy maydonini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tanlov, rekonstruksiyani bevosita amalga oshirish, shuningdek, bir qator seminarlar o‘tkazgan.