Qirg‘izistonda ilk bor milliy pasportlarni bosib chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda mamlakat prezidenti matbuot kotibi Erbol Sultanbayev ma’lum qildi.

Prezident administratsiyasi huzuridagi “Uchqun” davlat bosmaxonasi uchun eng zamonaviy uskunalar xarid qilindi. Endi esa mamlakat tarixida birinchi marta o‘zimiz milliy hujjatlarimizni chop eta boshladik", — deb yozadi u.

Sultanbayevning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq Qirg‘iziston fuqarolarining pasportlari xorijda chop etilgan va bu “ayrim noinsof amaldorlar va hatto jinoyat olami yetakchilari uchun katta maydon bo‘lgan”.

“Pasport mafiyasiga qarshi kurashish uchun bir yil kerak bo‘ldi… Endi pasport mafiyasi yo‘q qilindi. Agar shu kungacha ishlab chiqarish xorijda olib borilgan bo‘lsa, endilikda pasportlar mamlakatimiz hududida chop etiladi. Shunday qilib, biz davlat va xalq pullarini 3 baravarga tejashga muvaffaq bo‘ldik”, — dedi u.

Sultanbayevning ta’kidlashicha, pasportlar xavfsizlik tizimidan foydalangan holda “eng yangi texnologiyalar” yordamida ishlab chiqariladi.

Qirg‘iziston rahbari matbuot kotibining ta’kidlashicha, mamlakat har yili chet eldan bir yarim milliongacha ID karta va fuqarolik pasporti buyurtma qilgan. Shuningdek, u Qirg‘iziston kelasi yildan o‘z milliy valyutasini bosib chiqarishni boshlashi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Kaktus.media xabariga ko‘ra, qirg‘izistonliklarning pasportlari uchun blankalar Litvaning Garsu Pasaulis kompaniyasi tomonidan chop etilgan, milliy valyuta esa Britaniya va Fransiya korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan.