Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali binosining faollar zali tomidan plita tushib ketdi. Bu haqda universitet axborot xizmati xabar qildi.

Voqea 2023-yil 4-sentabr kuni soat 9:28 da sodir bo‘lgan. Plita talabalar va o‘qituvchi bo‘lmagan joyga tushib ketgan. Qayd etilishicha, plita bo‘laklarining tegishi sabab 2 nafar 1-kurs talabasi yengil tan jarohati olgan.

“Ushbu talabalar Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga yetkazilib, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda ushbu talabalarning umumiy ahvoli yaxshi ekanligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Kun.uz esa 3 nafar talaba qiz jarohatlanganini ma’lum qildi.

Bosh prokuraturaning “Gazeta.uz”ga xabar qilishicha, holat bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshirish harakatlari boshlangan.

“Dastlabki olingan ma’lumotlarga kura, 2 nafar fuqaro tan jarohati olgan. Hozirda ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Tekshirish natijasiga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinadi”, — deyiladi prokuratura xabarida.

Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialining Kattaqo‘rg‘on shahar Amir Temur ko‘chasi 27-uyda joylashgan o‘quv binosi sobiq Samarqand davlat instituti akademik litseyi binosi uchun qurilgan bo‘lib, 2008-yilda foydalanishga topshirilgan.

2008−2018-yillarda SamDCHTI qoshidagi akademik litsey sifatida, 2019−2021-yillar davomida Kattaqo‘rg‘on shahar 7-maktabi faoliyat olib borgan.