Hindiston 2-sentabr kuni Aditya-L1 avtomat quyosh zondini muvaffaqiyatli uchirdi, deya xabar qildi Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO).

PSLV C57 (Polar Satellite Launch Vehicle) tashuvchi raketasi Bengal ko‘rfazidagi Shrixarikota orolidagi milliy kosmodromdan uchirildi.

“Qurilma sun’iy yo‘ldoshni mo‘ljallangan orbitaga aniq olib chiqdi. Hindistonning birinchi quyosh rasadxonasi Quyosh-Yer tizimining L1 nuqtasiga (Lagranja nuqtasi) sayohatini boshladi.

L1 Yerdan taxminan 1,5 mln km uzoqlikda turibdi. Stansiya Yer orbitasida 16 kun qoladi va shundan so‘ng u L1 atrofida o‘z manziliga yana 110 kun harakat qiladi. Ushbu joylashuv rasadxonaga Quyoshni tutilishlar ta’siriga uchramasdan, uzluksiz va to‘siqsiz kuzatish imkonini beradi.

ҳиндистон, quyosh, aditya-l1

Foto: Aditya-L1 joylashuv nuqtasi. ISRO

Aditya-L1 fotosfera, xromosfera va Quyoshning eng tashqi qatlamlarini elektromagnit maydon, zarrachalar va magnit maydon detektorlari yordamida kuzatish uchun jami yettita foydali yukni (asboblarni) olib yuradi.

Missiya olimlarga quyosh tojining isishi, toj massasining chiqishi, chaqnashdan oldingi faollik va uning xususiyatlarini, kosmik ob-havo dinamikasi va boshqalarni tushunishga imkon beradigan ma’lumotlarni to‘plashi kutilmoqda.

Bu Hindistonning ISRO joriy yilda boshlagan ikkinchi kosmik missiyasi. 23-avgust kuni Chandrayaan-3 avtomat oy stansiyasi “Pragyan” roveri bilan Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qo‘ngan edi. Olimlar u qo‘ngan janubiy qutbda suv muzlari konlari borligiga taxmin qilishmoqda. Shunday qilib, Hindiston SSSR, AQSh va Xitoydan keyin o‘z apparatini Oyga qo‘ygan to‘rtinchi davlat bo‘ldi.

4-sentabr kuni ISRO “Pragyan” barcha topshirilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarib, uyqu rejimiga o‘tgani haqida xabar berdi. U qariyb 11 kunlik ish davomida olgan ma’lumotlar Vikram qo‘nuvchisi yordamida Yerga yuborilgan.