SamDUning Kattaqo‘rg‘on filialidagi zali shift qismiga o‘rnatilgan temir beton plitasi qulab tushganligi oqibatida 6 nafar talaba qiz tan jarohati olgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Hozirda binoning qurilishi hamda mukammal ta’mirlanishi holati mutaxassislar jalb qilingan holda o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq universitet ma’muriyati hodisa oqibatida ikki nafar talaba qiz jarohat olgani, ularning umumiy ahvoli yaxshi ekanini ma’lum qilgan edi. Boshqa manbalar esa jarohatlanganlar soni 3 nafar ekani haqida xabar bergan edi.

Holat bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshirish harakatlari boshlangan.

Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialining Kattaqo‘rg‘on shahar Amir Temur ko‘chasi 27-uyda joylashgan o‘quv binosi sobiq Samarqand davlat instituti akademik litseyi binosi uchun qurilgan bo‘lib, 2008-yilda foydalanishga topshirilgan.

2008−2018-yillarda SamDCHTI qoshidagi akademik litsey sifatida, 2019−2021-yillar davomida Kattaqo‘rg‘on shahar 7-maktabi faoliyat olib borgan.