Vengriyaning Seged shahrida bo‘lib o‘tgan 35-Xalqaro informatika olimpiadasida 2 nafar o‘zbekistonlik o‘quvchi bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Bu o‘zbekistonlik o‘quvchilar uchun informatika olimpiadasida qo‘lga kiritilgan ilk medallar bo‘ldi.

G‘olib o‘quvchilar:

  • Dilyorbek Valijonov — Andijon shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi;
  • Dilshodbek Xo‘jayev — Toshkent shahrudagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi.

Prezidentning “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bronza medalini qo‘lga kiritgan o‘quvchilar bazaviy hisoblash miqdori (BHM, u hozirda 330 ming so‘m)ning 200 baravari (66 mln so‘m), ustozi 150 baravar (49,5 mln so‘m) pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Bundan tashqari, Xalqaro olimpiada g‘oliblari OTMlarga grant asosida o‘qishga qabul qilinib, keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadigan bo‘lsa, lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama oladi.

Ma’lumot uchun, 2023-yilda eng nufuzli 5 ta xalqaro olimpiadada o‘zbekistonlik o‘quvchilar 13 ta medalni qo‘lga kiritdi.