Jurnalist Shuhrat Shokirjonov Samarqand viloyatidagi metan “zapravka”larga gaz limiti joriy etilayotgani haqida yozdi.

gaz limiti, metan zapravka, энергетика vazirligi

Grafik: t.me/shokirjonov

Shundan so‘ng iqtisodchi bloger Otabek Bakirov “Oylik gaz limiti endi kunlik gaz limitiga aylandimi?” deya post qoldirdi. Unda, xususan, avgustning ikkinchi yarmidan avval viloyatlarda, keyin Toshkent shahrida gaz “zapravka”larda paydo bo‘lgan uzun navbatlardan keyin Energetika vazirligi bergan munosabatga e’tibor qaratilgan.

Vazirlik o‘shanda gaz “zapravka”larga avgust oyi uchun ularning talablariga asosan belgilangan limitga ko‘ra gaz yetkazib berilayotganini, uning narxi oshmaganini ma’lum qilgandi.

“Vazirlik zapravkalarga oylik limit borligini fe’lan tan olgandi. Endi buyoqda kunlik limit degan cheklov ham chiqmoqda. Tabiiyki, ikkitagina noqulay savol paydo bo‘ladi”, — deb yozadi bloger.

“Birinchidan, gaz zapravkalarga kunlik va oylik limitlar qaysi qoida va metodologiya asosida belgilanadi? Limitlash uchun qanaqadir normativ hujjat mavjudmi? Metodologiya ochiqmi? Tanishsa bo‘ladimi? Agar ochiq metodologiya bo‘lmasa, gazni kim qaysi qo‘l taqsimlaydi? Qaysi chinovnik? Vazirmi? Zamministrmi? Hududgazmi?” — deya savol qo‘ydi u.

Otabek Bakirov, shuningdek, limitlar talab doirasida va cheklovlarsiz o‘rnatilayotgan bo‘lsayu, soat 12 da limiti tugab qolgan gaz zapravka qo‘shimcha limit so‘rashi mumkin yoki yo‘qligi haqida savol qo‘ydi.

“Qo‘shimcha gaz beriladimi? Qanchada beriladi? Masalan, Shokirjonov keltirgan ro‘yxatda soatiga ming kubdan ko‘p gaz sotayotgan gaz zapravka uchun limit 7 soat o‘tmay tugaydi, qolgan 17 soat zapravka va haydovchilar nima qilishi kerak?” — deb yozgan iqtisodchi.

Vazirlik munosabati

Energetika vazirligi axborot xizmatining bildirishicha, tabiiy gaz balansi Vazirlar Mahkamasining [22-sonli] qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ga muvofiq ishlab chiqiladi va shu asosda resurslar hamda taqsimot balansi shakllantiriladi.

“Bugungi kunda „Hududgazta’minot“ AJning hududiy filillari tomonidan 1173 ta AGTKSHga 2023-yilning 8 oyida 2,5 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. Bu miqdor o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 106 mln kub metr ko‘pdir”, — deya ma’lum qildi vazirilik.

Qayd etilishicha, tabiiy gaz yetkazib berishda gaz quvurlarining gidravlik o‘tkazuvchanligidan kelib chiqqan holda hisob-kitob asosida soatlik, kunlik, oylik va yillik gaz hajmlari belgilanadi.

Belgilangan gaz hajmlari esa iste’molchilar bilan tuziladigan shartnomalarda ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, iste’molchilarning buyurtmasi asosida shakllantiriladi, deyiladi xabarda.

Vazirlik iste’molchilar qo‘shimcha gaz hajmi xaridi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qarorida ko‘rsatilgan tartib bo‘yicha murojaat qilishi mumkinligini bildirdi.

“Bunda gaz ta’minoti tashkilotlari tabiiy gaz resurslari va gazni taqsimlashning tasdiqlangan balansiga muvofiq ajratilgan hajmlardan kelib chiqib, buyurtmalarni qayta ko‘rib chiqishga haqli”, — deya qo‘shimcha qildi vazirilik.