Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan yangilangan asosiy dori vositalari ro‘yxati (pdf) tasdiqlandi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Asosiy dori vositalari ro‘yxati (ADVR) O‘zbekiston hududida amal qiladigan farmakoterapevtik tasniflash asosida shakllantiriladi.

Mazkur ro‘yxatdan tibbiyot muassasalarining ehtiyojini tahlil qilishda, xaridlarni oqilona tashkil etish va dori vositalarini taqsimlashda, xodimlarni uni to‘g‘ri qo‘llashga o‘rgatishda qo‘llaniladi.

Shuningdek, ro‘yxatdan mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan asosiy dori vositalari ishlab chiqarilishini rag‘batlantirish, asosiy dori vositalari mavjudligini monitoring qilish va narxini shakllantirishda foydalaniladi.

Dori vositalari xalqaro patentlanmagan nomi bilan dozasi va chiqarilgan shakli ko‘rsatilgan holda ADVRga kiritiladi. Vositalar xalqaro patentlanmagan nomga ega bo‘lmagan taqdirda, uning o‘rnini bosuvchi nom yoki tarkib ko‘rsatiladi.

Yangi ro‘yxatda 65 guruhga mansub dori vositalari o‘rin egallagan.