O‘zbekiston Oliy sudi kassatsiya instansiyasi 29-avgust kuni Urganch shahrining sobiq hokimi Shuhrat Abdullayevni ozod qilish bo‘yicha ajrim chiqardi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Gap shundaki, sobiq hokim JIB Xiva tuman sudining 4-iyuldagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229−4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgandi.

Unga 2 yilga muayyan huquqdan, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Keyinchalik ish Xorazm viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilgan. Sudning 4-avgustdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Oliy sudning JIB sudlov hay’atiga Shuhrat Abdullayevning advokatlari himoyasi ostidagi shaxs asossiz sudlangani va uning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli unga nisbatan oqlov hukmi chiqarish haqida kassatsiya shikoyatlarini kiritdi. Qolaversa, Xorazm viloyat prokurori sudlanuvchi aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi va yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligini inobatga olib, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash haqida protest keltirdi.

Oliy sud kassatsiya instansiyasining 2023-yil 29-avgustdagi ajrimiga muvofiq yuqoridagi sud qarorlari o‘zgartirildi. Sudlangan Sh. A. aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi va ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy ravishda to‘liq qoplanganini inobatga olgan holda unga BHMning 500 baravari (165 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shu tariqa, protest to‘liq, shikoyatlar esa qisman qanoatlantirildi. Shuhrat Abdullayevni jazoni ijro etish joylarida qamoqdan ozod qilinishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Shuhrat Abdullayev 1967-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan. 2018−2020-yillar mobaynida Urganch shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritgan.