7−8-sentabr kunlari Samarqandda O‘zbekiston hukumati tomonidan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) texnik ko‘magida tashkil etilgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, tadbirda 30 dan ortiq davlatdan vazir va diplomatlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, moliya va ilmiy muassasalar — Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalar ishtirok etadi.

Konferensiyada O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha erishilgan yutuqlarni taqdim etadi hamda bilim va innovatsion yechimlarni yo‘lga qo‘yish uchun jahon hamjamiyati tajribasiga murojaat qiladi.

“Bugungi kunda dunyo yerlar degradatsiyasi va suv resurslarining taqchilligi, pandemiyalar va nobarqaror geosiyosiy vaziyat muammolariga duch kelmoqda. Ushbu chaqiriqlar fonida oziq-ovqat xavfsizligi masalasi yanada o‘tkir tus olmoqda, — dedi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov. — Iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligiga, pirovardida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini barchamiz his qilmoqdamiz. Suv resurslari kamayib bormoqda, yuqori harorat ekinlar hosildorligiga va chorva soniga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Iqlim o‘zgarishlari oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni oldindan belgilashni qiyinlashtirmoqda, bu prognozlash va rejalashtirishning aniqligini susaytirmoqda. Holbuki, rejalashtirish u yoki bu oziq-ovqat turlarining bozordagi taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslikning kaliti sanaladi”.

Kun tartibidan ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish uchun “yashil” va ekspress dahlizlar ochish masalasi o‘rin olgan, — deya qo‘shimcha qildi u.

FAO hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda dunyoda 2,3 milliardga yaqin odam o‘rtacha yoki jiddiy darajada oziq-ovqat ta’minotidan aziyat chekmoqda, ularning chorak qismi yoki 566 millioni Osiyoda yashaydi.

“Tadbir dunyoda agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish borasidagi chaqiriqlar va yechimlarni muhokama qilish uchun yaxshi maydoncha bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu xalqaro miqyosdagi voqea 2030-yilga qadar oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalarni, shuningdek, barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan „Nol ochlik“ 2- Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan choralarning amalga oshirilishi maqomini tahlil qilish imkonini beradi”, — dedi FAOning Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu.

Konferensiya doirasida “O‘zbekiston agrooziq-ovqat salohiyati” ko‘rgazmasi va I O‘zbekiston Agrooziq-ovqat investitsiya forumi o‘tkaziladi. Forumda Germaniya, Italiya, Isroil, Vengriya, Koreya Respublikasi, Polsha, Ozarbayjon, Qozog‘istondan 50 dan ziyod kompaniya qatnashadi.