31-avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga ko‘ra, Konstitutsiyaning 109-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 286 nafar shaxslar afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 109 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 116 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 25 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 36 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 39 nafarini ayollar, 22 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 30 nafarini chet davlat fuqarolari, 3 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.