Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha katta iqtisodchisi Uilyam Zeyts O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda maosh to‘lashdagi jinsiy diskriminatsiya bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Bu haqda Kommersant xabar berdi.

Unga ko‘ra, ish haqi to‘lashda gender bo‘yicha farq saqlanib qolayotgani asosan ayollarga nisbatan shakllangan stereotiplar bilan bog‘liq. Jahon banki vakilining qayd etishicha, “teng ish uchun teng haq to‘lash”ni belgilovchi huquqiy normalarning qabul qilinishi erkaklar va ayollar o‘rtasidagi ish haqi farqi muammosini faqat qisman hal qiladi va stereotiplarga qarshi kurashmasdan, rivojlanayotgan mamlakatlardagi tafovutni bartaraf etishning iloji bo‘lmaydi.

Har yili Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) dunyoning aksariyat mamlakatlarida erkaklarning ish haqi hali ham ayollar maoshidan yuqori ekani haqida bayonot beradi. 2022-yilda tashkilot global o‘rtacha ish haqi farqini 20 foiz deb baholadi. Tafovut saqlanib qolishining asosiy sabablari ham bir necha bor keltirilgan. Ular orasida ta’lim olishdagi tengsizlik, professional segregatsiya va “oilaviy” omillar bor (farzand tug‘ish va onalik).

Uilyam Zeytsning tadqiqoti stereotiplar ish haqi bo‘yicha jinsiy diskriminatsiyaga sezilarli hissa qo‘shishini ko‘rsatadi.

Iqtisodchi o‘z tadqiqoti doirasida uchta rivojlanayotgan davlatda: Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda tajriba o‘tkazdi. Zeyts mazkur mamlakatlar statistikasiga tayangan holda ularda erkaklar va ayollarning ish haqi o‘rtasidagi farq jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori ekanini qayd etadi.

Qozog‘istonda erkaklar va ayollar ish haqi o‘rtasidagi farq 22 foizni, Qirg‘izistonda 25 foizni, O‘zbekistonda esa 39 foizni tashkil etadi. Bu davlatlarda ayollarning ta’lim olishida jiddiy muammolar yo‘qligi sababli bunday statistik ma’lumotlar tadqiqotchiga “g‘ayritabiiy” ko‘ringan.

Tajriba davomida 4500 respondentga 8 nafar xodimning (do‘kon sotuvchisi, fermer xo‘jaligi ishchisi, administrator, muhandis-dasturchi, menejer, shifokor, taksi haydovchisi va maktab o‘qituvchisining) yoshi, jinsi va maoshi bo‘yicha tasodifiy shakllantirilgan “ta’riflari” o‘qib berilgan.

Har bir “hikoya” o‘qib berilgandan keyin respondentlardan ishchiga qanchalik adolatli haq to‘lanayotganini baholash so‘ralgan. Ayollar haqida gap ketganda, 7 foiz ko‘proq holatda respondentlar xuddi shu pozitsiyadagi erkaklarga qaraganda maoshlarni “adolatli” deb baholagan. Shuningdek, 8 foiz ko‘proq holatda “sal ortiqcha maosh to‘lanmoqda” deb hisoblashgan bo‘lsa, 13 foiz ko‘proq holatda “sezilarli darajada ortiqcha maosh to‘lanmoqda” deb qayd etishgan. Erkaklar haqida so‘ralganda esa, respondentlar 34 foiz ko‘proq holatda “sezilarli darajada kam haq to‘lanayotgani” ta’kidlangan.

“Natijalar ayollar mehnatining qadr-qimmatida yuzasidan aniq va tizimli tarafkashlik mavjudligini ko‘rsatadi”, deb ta’kidlaydi Uilyam Zeyts.

Qayd etish joizki, tadqiqot natijalarini sharhlash respondentlarga aytilgan hikoyalar mazmuni bilan cheklangan. Ishchilarning “tavsiflari” to‘liq emas edi, bu respondentlarga ularni mustaqil ravishda izohlash imkonini berdi — oxir-oqibat ayollar mehnatining qiymatini aniq nima pasaytirganini aniqlashga imkon bermadi: uning tug‘ruq yoki ota-ona ta’tillariga chiqishi yoxud uning ta’lim darajasi yetarlicha yuqori emasligi haqidagi taxminlar. Jahon bankidan e’tirof etilishicha, tadqiqot “naqshni” ochib beradi, lekin uning tabiatini emas.

Uilyam Zeyts Qirg‘iziston va Qozog‘istonda “teng ish uchun teng haq to‘lash” normasi qonunda mustahkamlanmagani, O‘zbekistonda esa bu norma 2022-yil oxiridagina Mehnat kodeksiga kiritilganini ta’kidlagan. Tadqiqotchi garchi huquqiy jihatdan tartibga solish teng ish haqi uchun kurashning muhim tarkibiy qismi bo‘lsa-da, mehnat bozorida gender tengligining ulkan maqsadlariga erishish uchun yetarli emasligini qayd etgan.

Jahon bankining qayd etishicha, baholash davomida odamlar ko‘pincha boshqa omillardan emas, balki ayollar mehnatining qadr-qimmati haqidagi o‘zining farazlaridan kelib chiqadi. Tashkilot stereotiplar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ularga qarshi kurashishning eng samarali usuli tashviqot faoliyati ekanini ta’kidlagan.