Buxoro viloyati adliya boshqarmasining ko‘magi bilan G‘ijduvon shashligi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (patentlandi), deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Viloyatda birinchi bo‘lib ro‘yxatdan o‘tgan ushbu geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma uning egasi, ya’ni G‘ijduvon tumani hokimligiga guvohnomada ko‘rsatilgan tovar turiga nisbatan foydalanish huquqini beradi.

Guvohnoma viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Bahronov tomonidan G‘ijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurovga topshirildi.

патент, ғиждuвон шашлик

Tuman hokimi endilikda G‘ijduvon shashligini pishirish uchun hokimiyatdan ruxsat olib, to‘lovini to‘lab, keyin pishirish kerakligi haqida gapirdi.

“Qayerga borilsa, hamma restoranlarda G‘ijduvon shashligi deb yozishadimi? Endi tuman hokimligining ruxsatisiz u nomni hech kim hech qayerga yozolmaydi. Mabodo G‘ijduvon shashliklari pishiraman desa, albatta, u G‘ijduvonga kelib, hokimiyatdan ruxsat olib, to‘lovini to‘lab, g‘ijduvonliklardan so‘rab, keyin pishiradi, bu — bizning brend. Mana, Hindiston Oyga o‘zining kosmik kemasini uchirdi, Xudo xohlasa, biz uchinchi renessans farzandlarini tarbiyalasak, biz, g‘ijduvonliklar, oyga yetib boramiz. O‘sha yerda G‘ijduvon shashliklarini pishiramiz, albatta”, — dedi Sherzod Ashurov.

Biroq Adliya vazirligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, buning uchun hokimiyatdan ruxsat olish va hech qanday to‘lov shart emas. Tuman hokimi hazillashgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb atalib, unda tovarning sifati, nom qozongani yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.

Muayyan tovarning geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi jismoniy va yuridik shaxslarga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklamaydi. Geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.