“Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekistonning 40 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli yosh rahbar kadrlari reytingining yangilangan variantini e’lon qildi.

2019-yildan buyon reytingga 100 nafarga yaqin davlat xizmatchisi kiritilgan. Ularning 15 foizi vazir va vazir o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgan, kamida 10 foizi Prezident administratsiyasida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritmoqda, 50 foizga yaqinining lavozimida o‘sish kuzatilgan.

Bu yilgi reytingda rahbarlar ro‘yxatiga nafaqat davlat xizmatchilari, balki nodavlat sektor vakillari ham kiritildi. Jumladan, Xalqaro press-klub raisi Jaloliddin Usmonov, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi bosh direktori Abduaziz Abutolipov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Nozima Davletova, “Zamin” xalqaro jamoat fondi direktori Tamila Aliyeva reytingdan joy oldi.

yosh rahbarlar, рейтинг, юксалish
Infografika: “Yuksalish”

Shuningdek, quyidagilar reytingga birinchi marta kiritildi:

  • Adilbek Allanazarov (35 yosh) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri;
  • Bobur Bekmurodov (38 yosh) — “Yuksalish” umummilliy harakati raisi;
  • Murod Ismoilov (40 yosh) — yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari;
  • Oybek Hamroyev (40 yosh) — investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari;
  • Rasul Zarikeyev (38 yosh) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi turizm va madaniy meros vaziri;
  • Umid Mamadaminov (40 yosh) — energetika vaziri o‘rinbosari;
  • Shuhrat Xudoyqulov (39 yosh) — Uzbekistan Airways AJ boshqaruvi raisi;
  • Sherzod Rabiyev (40 yosh) — adliya vaziri o‘rinbosari.

Umuman olganda, bugungi kunda 21 nafar vazirdan 8 nafari (38 foizi) — 35 yoshdan 45 yoshgacha, 5 nafari (24 foizi) — 46 yoshdan 50 yoshgacha, 3 nafari (14 foizi) — 51 yoshdan 55 yoshgachadir. Mahalliy hokimiyat organlarining tarkibi ham sezilarli darajada yangilandi. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot O‘zbekistonda hokimlarning o‘rtacha yoshi 46 yoshni tashkil etishini ko‘rsatgan.

“Vazirlik va idoralardagi asosiy lavozimlarga ko‘pchiligi chet eldagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olgan, amaliy ish tajribasiga ega hamda turli soha va yo‘nalishlarda o‘zini ko‘rsata olgan, yirik xorijiy kompaniyalarda ishlagan istiqbolli yoshlar tayinlanishi kutilmoqda. Prezident ularda ertangi kunning yangi yetakchilarini ko‘rmoqda. Bu, albatta, yaqin yillarda O‘zbekiston siyosiy maydonida yangi yuzlar, yangi rahbar kadrlar paydo bo‘lishdan darakdir”, — deyiladi harakat hisobotida.

Mart oyida “Yuksalish” O‘zbekistondagi faol rahbar ayollar ro‘yxatini tuzgandi. Unga “davlat siyosatini shakllantirishda va qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etayotgan” ayollar kiritilgan.