Xanchjou shahridagi Xitoy milliy ipak muzeyida XIX Osiyo o‘yinlariga bag‘ishlangan “Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari ko‘rgazmasi” anjumanini o‘tkaziladi. Unda O‘zbekistonning 20 ta muzey eksponati ham namoyish etiladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.

Xitoy milliy ipak muzeyi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xanchjoudagi G‘arbiy ko‘l yonida joylashgan. Muzeyning ko‘rgazma maydoni taxminan 1200 kvadrat metr. Mazkur muzey Xitoydagi 6000 ta muzey orasida 9-o‘rinni egallaydi.

Ko‘rgazmada Osiyoning turli mintaqalaridan 150 ga yaqin libos taqdim etiladi. Shuningdek, bosma, to‘quvchilik va kashtachilikning qadimiy uslubi vorislari bo‘lgan bir nechta hunarmandlar ham taklif etiladi.

O‘zbekiston ko‘rgazmada Davlat san’at muzeyi va Samarqand muzey-qo‘riqxonasi sara to‘plamlariga mansub 20 ta muzey eksponatini taqdim etadi. Xanchjoudagi ko‘rgazmada an’anaviy o‘zbek so‘zanalari, chopon va zargarlik buyumlari namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar o‘zbekistonlik ustalar tomonidan tayyorlangan an’anaviy san’atning eng yaxshi namunalarini tomosha qilishi mumkin.

Ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad Osiyo mamlakatlari madaniyatining bir-birlariga o‘zaro ta’siri, ularning quruqlik va dengiz Ipak yo‘li orqali o‘zaro almashinivuni namoyish etishdan iborat, deyiladi xabarda.

26-sentabr kuni Xanchjou shahrida betakror o‘zbek gazlamalarini an’anaviy ishlab chiqarish jarayoni namoyish etiladigan “O‘zbekiston oqshomi” tadbiri bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston muzeylari eksponatlari jamg‘arma ko‘magi bilan tashkil etilmoqda.

Ko‘rgazma Xanchjou shahrida 2-sentabrda ochilib, 2023-yilning 12-noyabriga qadar davom etadi.