Kelgusi yilda O‘zbekistondagi maktablarda 250 ming o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda. Bu 2022-yilga nisbatan ikki baravar ko‘p, deyiladi dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda.

Birinchidan, Investitsiya dasturida maktablar qurilishiga 3 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu 150 ming o‘quvchi o‘rni yaratish imkonini beradi.

Ikkinchidan, kam quvvat bilan ishlayotgan 61 ta kollej binolari o‘rnida yangi maktablar tashkil qilinadi. Bu bilan qo‘shimcha 42 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Yana 50 ta maktab davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi.

Yig‘ilishda xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratish orqali yiliga kamida 25 ming o‘quvchi o‘rni tashkil qilinishi ta’kidlandi.

“Tadbirkorlarga xususiy maktab tashkil qilishi uchun kreditning 7 foiz qismi budjetdan qoplab beriladi”, — dedi prezident.

“Yangi maktab qurish uchun yer maydonlari faqat maktab qurish uchun maqsadli auksionga chiqariladi”, — deya ta’kidladi u.

Shavkat Mirziyoyev mas’ullar oldiga mazkur tadbirlarni moliyalashtirish, shuningdek, muassasalarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash vazifasini qo‘ydi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, so‘nggi olti yarim yil ichida (mamlakat prezidenti almashganidan keyin) 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, 70 ming o‘ringa mo‘ljallangan 350 ta yangi xususiy maktab tashkil etildi.

Mamlakatda 320 ming xonadonli yangi uy-joy barpo etilgani bilan ularga mos quvvatdagi maktablar qurilmadi. Yangi qurilgan massiv va mahallalarda hozirning o‘zida 350 ming yangi o‘quvchi o‘rinlariga talab bor. Mavjud maktablar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham ko‘p ishlar qilinishi kerak, — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida “Yiliga 500 ming talaba o‘rni” dasturini amalga oshirishni boshlash va 2023/2024 o‘quv yilida 500 ming o‘rin yaratish taklif qilingandi.

May oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka nomzod sifatida qilgan nutqida 2023-yilda 390 ming bola maktabni tamomlasa, 700 ming bola birinchi sinfga borishini ma’lum qilgandi. Kelgusi yilda bu raqam 1 millionga oshadi, degandi u.

Bir necha kun avval prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva maktablarda 1,2 million o‘quvchi o‘rni yetishmasligini ma’lum qildi. Har yili o‘rtacha 35−40 ta maktab tashkil etilmoqda, dedi u.

2021-yil may oyida o‘sha paytdagi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov mamlakatdagi maktab o‘quvchilari soni (6,24 million) maktablarning loyihaviy quvvatidan (5,06 million) sezilarli darajada oshib ketgani haqida ma’lumot bergandi — farq 1,18 millionni tashkil qilgan. U sinflarning to‘laligi va ikki smenada dars o‘tilishi (o‘sha paytdagi maktablarning 70 foizida)ni aholining ko‘payishi va maktablarning 9 yillik ta’limga o‘tkazilishi (2010-yildan 2017-yilgacha) bilan izohlagan. 11 yillik ta’lim qaytilgach, 400 ga yaqin litsey va kollejlar maktabga aylantirilgan.