O‘zbekiston kompaniyalari Afg‘oniston hukumati bilan mamlakatga dori va vitaminlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi, deya xabar bermoqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.

Agentlik delegatsiyasi ayni damda Afg‘onistonda bo‘lib, mamlakat Oziq-ovqat va dori vositalari sifatini nazorat qilish milliy uyushmasi rahbariyati bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dori mahsulotlarini ushbu mamlakat bozoriga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilar tomonidan yiliga o‘rtacha 1 mln dollarlik protein va vitamin komplekslarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, 25 kungacha bo‘lgan muddatda dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning o‘zaro soddalashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuv loyihasi ishlab chiqilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi farmatsevtika korxonalari Afg‘onistonning dori-darmon bo‘yicha davlat xaridlarida (tenderlarida) ishtirok etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.