Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari Toshkent shahri hokimligi bo‘ysunuvidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi xabar berdi.

Toshkent shahar Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi va tumanlar bo‘limlariga aylantiriladi.

Sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev tashabbusi bilan poytaxtda boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment doirasida 2018-yil avgust oyida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi va bo‘limlari Toshkent shahri va tumanlar hokimlari ixtiyoriga o‘tkazilgan edi. Shuningdek, Toshkent shahar iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi va hududiy bo‘limlari, Toshkent shahar hokimligi Moliya bosh boshqarmasi va tumanlar hokimliklari moliya bo‘limlari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va tumanlar investitsiya bo‘limlari, Toshkent shahar Turizm va sport bosh boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari (keyinchalik ortga qaytarilgan) ham o‘tkazildi.

Shuningdek, shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi.

2023-yil 1-oktabrdan loyiha boshqaruvini va texnik nazoratni, shu jumladan yo‘nalishlar bo‘yicha nazoratni olib boruvchi mutaxassislar, loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib boruvchi mutaxassislar, shuningdek, loyiha bosh muhandislari va bosh arxitektorlari, pudrat tashkilotlarining ichki nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar sertifikatlashdan o‘tkaziladi.

2024-yil 1-yanvardan nazorat o‘lchovini amalga oshiruvchi mutaxassislar, ekspert tashkilotlari ekspertlari, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari rahbarlari, 1-apreldan esa tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari sertifikat olishlari lozim bo‘ladi.

Bunda, mutaxassislarni sertifikatlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha ishchi organ funksiyasi Vazirlik huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyani rivojlantirish institutiga yuklanadi.

Qurilish faoliyati subyektlarining (buyurtmachi, loyihachi, pudratchi bo‘yicha) majburiy tartibdagi nazorat tadbirlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasida amalga oshiriladi.