Hafta davomida O‘zbekiston bo‘ylab iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir bo‘lishi mumkin, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

O‘tgan hafta oxirida ob-havoning keskin o‘zgarishi kuzatildi. Respublika bo‘yicha barcha joylarda yomg‘ir yog‘di, ba’zi joylarda momaqaldiroq va shamolning kuchayishi qayd etildi. Kunduzgi harorat 5−10 darajaga pasaydi.

28-avgust kuni ertalab respublika hududi bo‘yicha (eng chekka sharqiy hududlardan tashqari) yomg‘ir yog‘ishi to‘xtadi, osmon bulutlardan tozalana boshladi. Kunduzi harorat +23…+28 daraja atrofida bo‘ladi. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida dushanba kuni bulutli ob-havo saqlanib turadi, ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi.

Seshanba kuni O‘zbekiston hududining katta qismida quruq, kam bulutli va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, havo harorati +29…+32 darajagacha ko‘tariladi. Faqat O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga nam havoning yangi qismi tarqala boshlaydi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

30-avgustda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda, 31-avgustda kechasi va ertalab Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda momaqaldiroq bo‘ladi.

31-avgustda kunduzi va 1-sentabrda O‘zbekistonning hech qaysi hududida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati +25…+30 daraja atrofida bo‘ladi. 29-avgustda shimolda, 30−31-avgust kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida 28 va 29-avgust kunlari havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. 30-avgustda hamda 31-avgust kechasi va ertalab qisqa mmuddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

31-avgust kunduzi va 1-sentabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 28-avgustda +24…+26 daraja, 29−31-avgust va 1-sentabrda +25…+30 daraja bo‘ladi.