Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroportida yakshanba kuni soat 22:09 da shaharning “Qo‘yliq” podstansiyasida sodir bo‘lgan avariya tufayli elektr ta’minotida uzilish yuz berganini xabar qilgandi. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati nosozlik tufayli aeroport elektr ta’minotidan to‘liq uzilganini rad etdi.

“Milliy elektr tarmoqlari” Situatsion tahlil boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotlarga tayanib, vaziyatni tushuntirishga harakat qildi.

“Toshkent xalqaro aeroporti 4 ta 35 kV kuchlanishli elektr tarmog‘i bilan ta’minlangan bo‘lib, kecha sodir bo‘lgan favqulodda o‘chish tufayli uning 3 tasi qisqa muddatga avtomatik himoya tizimidan o‘chgan, biroq bu paytda aeroport elektr stansiyasidan chiquvchi 35 kV kuchlanishli elektr tarmog‘i orqali elektr energiyasi bilan ta’minlangan”, — deyiladi xabarda.

2023-yil 27-avgust kuni soat 22:11da “Qo‘yliq” podstansiyasidan chiquvchi “L-Xlopkovaya-35 kV” elektr tarmog‘i avtomatik himoya signali ta’siridan favqulodda o‘chgan. Shu vaqtda T-3 va T-4 transformatorlarining 35 kV kuchlanishli tomoni ham o‘chgan, natijada Toshkent xalqaro aeroporti balansida bo‘lgan birinchi va ikkinchi 35 kV shinalar tizimida kuchlanish yo‘qolgan.

Ta’kidlanishicha, oradan 10 daqiqa o‘tgach, ya’ni soat 22:21 da birinchi va ikkinchi 35 kV shinalar tizimiga kuchlanish berilgan. Ayni paytda nosozlik oqibatlari to‘liq bartaraf etilgan.

“„O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari“ AJ mutaxassislari Uzbekistan Airports AJ ma’muriyatiga aeroport elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish maqsadida, mansublik chegarasi doirasida, „GES-5“ stansiyasidan ta’minlanuvchi 35 kV kuchlanishli elektr tarmog‘i barqaror faoliyatini ta’minlash hamda xalqaro aeroport zaxira quvvat tarmog‘ini ishchi holatda saqlash maqsadga muvofiqligini ma’lum qiladi”, — deyiladi korxona xabarida.