Tojikistonda 27-avgust kuni yog‘ib o‘tgan kuchli yomg‘irlar tufayli 13 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tabiiy ofat oqibatida Vahdat shahrida 11 kishi, Rudakiy tumanida esa 2 kishi halok bo‘lgan.

“Tojikiston Respublikasi prezidenti, millat yetakchisi Emomali Rahmon halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi”, — deyiladi xabarda.

тожикистон, ёғингарчилик

Davlat rahbari, shuningdek, mamlakat bosh vaziri, Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaasi qo‘mitasi, boshqa tegishli tuzilma va organlarga tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda hodisa oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan zudlik bilan chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

тожикистон, ёғингарчилик

Dushanbe shahrida va respublikaning boshqa viloyatlarida yakshanba kuni kuchli yomg‘ir yog‘ib, yo‘llarni suv bosdi va bu sel oqimlariga olib keldi. “TASS”ning yozishicha, sel Dushanbe-Chanoq yo‘li bo‘ylab kuzatilgan, hodisa tufayli bir qancha avtomobillarga shikast yetgan, avtomobil yo‘li to‘sib qo‘yilgan.

Dushanba kuni, ob-havo ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikistonda yana yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.