Toshkent xalqaro aeroportida yakshanba kuni soat 22:09 da shaharning “Qo‘yliq” podstansiyasida sodir bo‘lgan avariya tufayli elektr ta’minotida uzilish yuz berdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Bir necha soniya ichida zaxira manbalari hisobiga parvozlarni ta’minlovchi obyektlar: uchish-qo‘nish yo‘laklari, havo harakatini boshqarish moslamalari, radionavigatsiya uskunalari quvvati tiklandi. Shu tufayli poytaxt aeroportida reyslar kechikishi kuzatilmadi, deyiladi xabarda.

Mahalliy aviakompaniyalarning uchib kelish terminali va ichki avialiniya terminali ham zudlik bilan zaxira manbalariga o‘tkazildi. 15 daqiqa ichida — soat 22:24 da xalqaro aviakompaniyalarning uchib ketish terminalida elektr ta’minoti tiklandi.

Soat 22:40 da “Qo‘yliq” shahar podstansiyasida yuz bergan avariya bartaraf etilib, aeroportda elektr ta’minoti to‘liq tiklandi.