O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev 26−27-avgust kunlari Afg‘onistonda bo‘lib, yuk tashish va tranzit masalalarini muhokama qildi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Tomonlar Afg‘oniston va Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqish uchun xalqaro transport koridorini shakllantirish, ikki davlatning transport logistikasi korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro avtomobil tashuvchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, jumladan, Afg‘oniston orqali tranzitga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish va va boshqa punktlarga tovarlarni tashish masalalarini muhokama qildi.

Tashrif davomida Afg‘oniston transport va fuqarolik aviatsiyasi vaziri Mullo Hamidulloh Oxundzoda bilan “O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston” avtomobil yo‘nalishi bo‘yicha ekspeditsiya bo‘lib o‘tdi. Bu yerda delegatsiya Kobulni Shimoliy Afg‘oniston (Mozori Sharif) bilan bog‘lovchi Salang dovoni hamda Afg‘oniston va Pokiston chegarasidagi “Torxam” chegara punktidagi vaziyatni o‘rgandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida tranzit yuk tashuvlarini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilishga kelishib oldi, deya qayd etdi Transport vazirligi.

TOLONews ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov ham tashrif buyurgan, delegatsiya tarkibida jami 30 nafarga yaqin kishi bo‘lgan. Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Shermuhammad Abbos Stanikzay bilan uchrashuvlarda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, vizalar berish va gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

Stanikzay Kobul va Toshkent o‘rtasidagi savdo aloqalarini mustahkamlash maqsadida “Afg‘onistondagi alohida joyda ish olib borilayotganini” ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga qaramay, savdo va tranzit sohasida zarur shart-sharoitlar yaratilishi, savdo va tranzitni osonlashtirish uchun O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida kompleks mexanizmni ishlab chiqish zarur.

Ismatulla Irgashevning O‘zbekiston o‘tgan yili Afg‘oniston orqali Pokistonga 6 ming tonna tijorat tovarlari jo‘natganini ma’lum qildi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumatidagi Savdo va sanoat vazirligi vakili Oxundzoda Abdulsalamning aytishicha, yig‘ilishda Afg‘onistonning turli hududlari, shu jumladan, konlarga sarmoya kiritish masalalari muhokama qilingan.

“Ikki tomon Afg‘onistonga sarmoya kiritishni ko‘paytirish, tranzit to‘lovlarini kamaytirish, Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida tranzit uchun sharoit yaratish, bojxona xizmatlari ishini kechayu kunduz rejimiga o‘tkazish masalalarini muhokama qildi”, — dedi u.

Afg‘oniston sanoat assotsiatsiyasi direktori Abduljabar Safiy delegatsiya rasmiylar bilan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish masalasini ham muhokama qilganini ta’kidladi.

“Muhim yangilik shundaki, [Afg‘oniston] Sanoat va savdo vazirligi O‘zbekistondan elektr energiyasi importini oshirish bo‘yicha ish olib borishi kerak. Sanoat korxonalari egalari va sarmoyadorlar energiyaga muhtoj”, — dedi u.