Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Zomin” sayyohlik-rekreatsion zonasida 25-avgust kuni dor yo‘li ishga tushdi. 133,3 milliard so‘mlik loyiha Shveysariyaning Bartolet kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ochilish marosimida Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev, Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Davlat rahbarining 2021-yil apreldagi farmoniga muvofiq amalga oshirilayotgan “Zomin” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish loyihasi doirasida mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va boshqa obyektlar, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etish ko‘zda tutilgan.

2022-yil iyun oyida Bartolet AG bilan 6,72 million yevrolik shartnoma imzolangan bo‘lib, u dor yo‘lidan tashqari boshqa loyihalarni ham o‘z ichiga oladi.
dor yo‘li, зомин tumani

Dor yo‘lining uzunligi 2102 metr bo‘lib, 12 ta minorali 11 ta ustunga ega va soatiga 1200 sayyohga xizmat ko‘rsatishga qodir. Quyi stansiyaning balandligi dengiz sathidan 1961,1 metr, yuqori stansiyasi 2490,6 metr (balandlik farqi 529,5 metr). 11-minoraning balandligi 35 metr bo‘lib, 8- va 9-ustunlar orasidagi eng katta masofa 615 metrdan iborat.

Yo‘lning eng katta qiyaligi 42 gradus. Maksimal harakat tezligi sekundiga 6 metr. Harakat paytida kabinalar orasidagi masofa 141 metrni tashkil qiladi. 36 zamonaviy kabina sayyohlarga xizmat ko‘rsatadi.

“Zomin” zonasida umumiy qiymati 456 milliard so‘mlik to‘rtta loyiha bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Bular ko‘p qavatli avtoturargoh, restoran, osma ko‘priklar va sog‘lomlashtirish markazi loyihalari, deyiladi xabarda.

Xuddi shu zonada “Suffa platosi. 2400” xalqaro umummavsumiy kurorti va “O‘riklisoy” turizm majmuasi tashkil etilmoqda. Zominda, shuningdek, kichik samolyotlarni qabul qiladigan aeroport ishga tushishi kerak.