O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-avgust kuni AQSh Senati Milliy xavfsizlik va hukumat ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Geri Pitersni qabul qildi, deya xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda amaliy hamkorlikni, eng avvalo, ikki mamlakatning parlamentlararo muloqoti doirasida kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro aloqalar va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlari o‘smoqda, AQShning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari ko‘paymoqda. Muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan AQSh Prezidenti tashabbusi bilan Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi tadbirlari doirasida o‘tkaziladigan “C5+1” formatidagi birinchi sammitga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashildi.

Boshqa uchrashuvlar

Foto: Senat matbuot xizmati.Foto: Senat matbuot xizmati.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva 25-avgust kuni AQSh Kongressi Senati a’zosi, senator-demokrat Geri Pitersni qabul qildi.

O‘zbekiston-AQSh hamkorligining keng doirasi xususan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari, gender tengligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ochiq muloqot va o‘zaro ishonchga asoslangan O‘zbekiston-AQSh ko‘p qirrali hamkorligi jadal rivojlanayotgani, ikki tomonlama munosabatlar siyosat, xavfsizlik, iqtisod va inson huquqlari yo‘nalishlari bo‘yicha Strategik sheriklik muloqot darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi, deyiladi xabarda.

Suhbat davomida iqtisodiy hamkorlik masalalariga ham e’tibor qaratildi. Ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga tarkibiga 38 ta yetakchi kompaniya kiradigan Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi salmoqli hissa qo‘shayotgani, 2023-yilning yanvar-iyul oylarida tovar ayirboshlash hajmi 321,5 million dollarni tashkil etgani ta’kidlandi. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, mehnat munosabatlari yo‘nalishidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, bunda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish kabi masalalarda doimiy maslahatlashuvlarni olib borishga kelishib olindi.

Ma’lumki, O‘zbekiston-AQSh munosabatlari nafaqat ikki tomonlama hamkorlik doirasida, balki ko‘p tomonlama formatlarda ham o‘zaro manfaatlarni inobatga olgan holda mustahkamlanib bormoqda. Shu jumladan “Markaziy Osiyo — AQSh” C5+1 formatidagi Muloqot ham. Ushbu format doirasida kelgusi yilda Amerika tomoni (YUSAID) bilan tadbirkor ayollarning C5+1 formatida o‘tadigan Xalqaro forum, unda tadbirkor ayollarning faol ishtiroki masalalari ham muhokama qilindi.

гэри питерс, бахтиёр саидов, taнзила нарбаеva, шавкат мирзиёев, ақш

AQSh delegatsiyasini tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham qabul qildi. Muzokaralar kun tartibi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning turli mavzularini qamrab oldi.

“O‘zbekiston prezidenti rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Amerikalik hamkorlarimizdan minnatdormiz. Senator Gari Pitersning O‘zbekiston tadbirkorlarining Michigan shtati va AQSh biznes vakillari bilan aloqalarini mustahkamlashga tayyorligini qadrlaymiz”, — deb yozdi u Telegram-kanalida.