Saida Shavkatovna Mirziyoyeva O‘zbekiston prezidenti yordamchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Sherzod Asadov xabar berdi.

Shu bilan birga, Prezident administratsiyasida boshqa tayinlovlar ham amalga oshirilgan.

O‘tgan yilning noyabr oyidan buyon 38 yoshli Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasining kommunikatsiyalar va axborot siyosati shu’basi mudiri lavozimida ishlab kelayotgandi. Yangi tashkil etilgan shu’ba jamoatchilik fikri va axborot siyosatini o‘rganishga mas’ul bo‘lgan administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov tizimi tuzilmasi tarkibiga kirgan.

Saida Mirziyoyeva Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan, Toshkent davlat yuridik universiteti va Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti magistri, iqtisod fanlari nomzodi.

2019−2020-yillarda Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (Komil Allamjonov rahbari bo‘lgan) direktori o‘rinbosari, so‘ngra Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident administratsiyasi rahbari lavozimi tugatilgan va Sardor Umurzoqov bu lavozimdan ozod etilib, prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangandi.