Boshqaruvchi tashkilotga ega bo‘lmagan yangi turar joy binolari foydalanishga qabul qilinmaydi. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15-avgustdagi “Ko‘p qavatli uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, quruvchi tashkilotlar qurilishi tugallangan uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni jalb qilishlari kerak.

Amaldagi tartibga ko‘ra, qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi 2 yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Quruvchining o‘zi boshqaruv usulini tanlaydi yoki shartnoma asosida boshqaruv tashkilotini jalb qilishi mumkin. Birinchi ikki yil ichida ko‘p kvartirali uy-joydagi quruvchidan tashqari mulkdorlarning soni 50 foizdan oshsa, mulkdorlar tomonidan belgilangan tartibda umumiy yig‘ilishning qaroriga muvofiq ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish usuli tanlanadi.

Qaror bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga boshqaruvchi tashkilot yoki uy boshqaruvchisini almashtirishga cheklovlar belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash topshirildi.

Yangi qonun loyihasida umumiy yig‘ilishning uy-joylarni qurish usuli va boshqaruv organini tanlash to‘g‘risidagi qarori, agar buning uchun binolarning barcha mulkdorlari yoki ularning vakillarining 50 foizdan ortig‘i ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan deb e’tirof etilishi aks ettirilishi kerak.

Bundan tashqari, qonunda ko‘p qavatli uylar va ularga tutash yer uchastkalari uchun barcha uy-joy mulkdorlari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror asosida qarz mablag‘lari, shu jumladan, kreditlar olish imkoniyatini belgilash taklif etilmoqda. Hozirda buning uchun uy egalarining 80% dan ortig‘i yoki ularning vakillari ovoz berishi kerak bo‘ladi.

Ko‘p qavatli uylarni boshqarish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, ko‘p qavatli uyni boshqarish usuli joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan belgilanadi. Boshqaruv bevosita mulkdorlar, boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi (shartnoma asosida), shuningdek, uy-joy mulkdorlarining shirkati bo‘lgan notijorat tashkilot tomonidan amalga oshirilishi mumkin.