Oliy Majlis Senatining 24-avgust kuni o‘tkazilgan qirq to‘rtinchi yalpi majlisida “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilinib, rad etildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, muhokamalar jarayonida qonunda dolzarb ahamiyatga ega bir qator masalalar e’tibordan chetda qolgani aytib o‘tilgan.

Xususan, taklif etilayotgan qonunda yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini cheklash yoki to‘xtatib turish 10 kundan oshmaydigan muddatga amalga oshirilishi, qoidabuzarliklarni bartaraf etish ishlarini yakunlash bilan bog‘liq bo‘lgan alohida hollarda, yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini to‘xtatib turish 30 kundan oshmaydigan muddatga uzaytirilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Bunda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi ko‘rsatmalari asosida ish olib boriladi.

Biroq “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 42-moddasiga asosan, faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

“Bu kabi norma nafaqat qonunchilikka, balki yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning tadbirkorlik faoliyati erkinligi va daxlsizligiga oid normalariga ham mutlaqo ziddir”, — deyiladi Senat xabarida.

Shuningdek, qonunda quyidagi kamchiliklar borligi ko‘rsatib o‘tildi:

  • Hujjatga yer qa’rini “kadastr kvadratlar”ga bo‘lish amaliyotini joriy etish va “Yagona interaktiv geologik portali” bo‘yicha qoidalar kiritilmagan.
  • Yer qa’ridan foydalanishda ekologik va sanoat xavfsizligini ta’minlash, tog‘-kon qutqaruv qismlari hamda ochiq neft va gaz fontanlarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha xizmatlar faoliyati tartibi belgilanmagan.
  • Mazkur sohada ishga joylashtirish va o‘qitishga talablar, ruxsatnomalar egalarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha majburiyatlari nazarda tutilmagan.

Shularni inobatga olinib, qonunni qayta ko‘rib chiqish va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhini tuzgan holda takomiliga yetkazish kerakligi ta’kidlandi. Yakunda senatorlar tomonidan qonunni rad etish yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva qonunda mas’ul organlarga sud qarorisiz tadbirkorlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish kabi vakolatlarning taqdim etilishi normasi amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqarishi mumkinligiga to‘xtaldi.

Qachonki bu illatga qarshi kurashish, uning vujudga keltiruvchi sabablarni bartaraf etish bugungi kunning dolzarb masalasidir. Bundan tashqari, bu kabi norma yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning tadbirkorlik faoliyati erkinligi va daxlsizligiga oid kafolatlarga ham ziddir, deydi Senat raisi.